8-may kuni nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat nogironligi bo‘lganlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun maxsus xizmatlar tizimini joriy etish, nogironligi bo‘lgan yoshlarni kasblarga o‘qitish tartibini belgilaydi.
2025-yil yakunigacha 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligi va munosib daromad topishini ta’minlash rejalashtirilgan.
1-iyundan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha subsidiya beriladi. Mablag‘lar surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplashga ajratiladi.
Shuningdek jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi.
Aprel oyi oxirida prezident huzurida o‘tkazilgan majlisda nogironligi borlarni ishga olgan yengil sanoat korxonalariga soliq imtiyozlari berilishi ma’lum qilingandi. Bunday xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi pasaytiriladi, tadbirkorlarga esa 500 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Avvalroq 1-iyundan Toshkent va Navoiyda nogironlikni belgilash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Joriy yilda Samarqand viloyatining uchta hududi, shuningdek, qolgan viloyatlarning 1 tadan tumanida kasalliklarni barvaqt aniqlash va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha mahallabay tizim yo‘lga qo‘yiladi.