Migratsiya agentligi noqonuniy faoliyat yuritgan uchta xususiy bandlik agentliklarini jarimaga tortdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi vaqtlarda litsenziyaga ega bo‘lmasdan fuqarolarni xorijga ishga joylashtirishni va’da qilib, konsalting yoki axborot xizmati niqobi ostida noqonuniy faoliyat yurituvchi shaxslar ko‘payayotgani qayd etildi.
Migratsiya agentligi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida uchta kompaniya — Worldvisa, Everyone Consult va Adworld Group tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilgani aniqlandi
Xususan, ular o‘z ijtimoiy tarmoqlarida fuqarolarni xorijga ishga yuborish bo‘yicha xizmatlarini e’lon qilib, aholidan pul yig‘ib, lekin xizmat ko‘rsatmaganligi ma’lum bo‘ldi. Natijada, ushbu kompaniyalarga nisbatan tegishli jarimalar qo‘llanildi.
Agentlik litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlar orqali xorijda ishga joylashishga urinish moliyaviy va huquqiy xavf-xatarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab, fuqarolarni ogohlikka chaqirdi.
Shuningdek, aholidan rasmiy ro‘yxatdagi agentliklar bilan hamkorlik qilish, har qanday shartnomani imzolashdan oldin uni sinchiklab o‘qib chiqish hamda shubhali to‘lovlarni amalga oshirmaslik so‘ralmoqda.
Hukumatning joriy yil aprel oyidagi tegishli qarori bilan fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish faoliyati bilan Migratsiya agentligi shug‘ullanishi belgilangan. Mazkur faoliyat bilan esa faqat agentlik tomonidan litsenziya olgan xususiy bandlik agentliklari shug‘ullanishlari mumkin. Ularning rasmiy ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq O‘zbekiston va Polsha migratsiya sohasida bitim loyihasini ishlab chiqishi haqida xabar berilgandi. Polsha mamlakatdagi ishchi kuchiga bo‘lgan talabni o‘zbekistonliklarni tashkiliy tartibda yuqori maoshli ishlarga jalb qilish orqali to‘ldirishi mumkin.