O‘zbekistonning Misrdagi Elchixonasi mamlakatda bo‘lib turgan fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi.

So‘nggi vaqtlarda Misrda bo‘lib turgan ko‘plab xorijliklar, jumladan ta’lim olish maqsadida kelganlarga nisbatan mahalliy huquqni himoya qilish organlari tomonidan ularning mamlakatda qonuniy yashashlari yuzasidan faol tekshiruv tadbirlari amalga oshirilayotgani kuzatilmoqda.

Elchixona vakillari Qohira shahri Nasr shaharchasida joylashgan mas’ul politsiya bo‘limlariga tashrif buyurib, muloqotlar amalga oshirdi. 13-may holatiga ko‘ra, ko‘plab xorijliklar qatorida 5 nafar o‘zbekistonliklar mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzganliklari sababli ushlab turilgani aniqlandi.

Shu bilan birga, 1 nafar fuqaro Misr hududida qonuniy bo‘lishini tasdiqlovchi aniq hujjatlari taqdim etilgach, uni vaqtincha saqlash markazidan chiqarishga erishildi. Elchixona qolgan fuqarolar bo‘yicha mahalliy qonunchilik doirasida o‘rnatilgan tartibda huquqiy baho berilishi va qaror qabul qilinishini ta’kidlamoqda.

Elchixona tegishli tezkor huquqiy yordamni ta’minlash uchun bu kabi tekshiruv tadbirlarida ushlangan fuqarolar yuzasidan elchixonaga kechiktirmasdan ma’lum qilishni tavsiya etadi. Misrda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar bu masalada +20233364516 va +20233361723 telefon raqamlari hamda Telegram orqali murojaat qilishlari mumkin.

Shuningdek, mamlakat elchixonasi fuqarolarga Misrda bo‘lish qoidalariga qat’iy amal qilishlari lozimligini eslatmoqda. Mamlakatda bo‘lish va harakatlanish davomida fuqarolar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, yashash uchun ruxsatnoma (iqoma) yoki talabalik kartalarini (universitet, institut va h.k.) doim o‘zlari bilan birga olib yurishlari kerak.

Aprel oyida BAAda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilgani, mamlakat diplomatlari bunga aniqlik kiritish uchun vaziyatni o‘rganayotgani ma’lum bo‘lgandi. BAA tomoni 15 nafar fuqaroni qo‘lga olgan. TIV bu vizasiz rejimga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlab, fuqarolarni mamlakat sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirdi.

Avvalroq mehnat migratsiyasini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingani haqida xabar berilandi. Hujjat bilan deportatsiya qilingan migrantlardan xarajatlarni undirish tartibi belgilanmoqda.