Hukumatning 13-maydagi qarori bilan tashkillashtirilgan tarzda xorijga ishlashga ketib, deportatsiya qilingan fuqarolarni qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni undirish tartibi belgilandi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanadi.
Agar deportatsiya qilingan fuqaro Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qaytarilsa, qaytarish xarajatlari fuqarodan olinadi. Ulardan jamg‘arma hisobidan taqdim etilgan subsidiya va kompensatsiya summalari ham undiriladi.
Ularga nisbatan bir yilgacha rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan tarzda vaqtinchalik ishlarga yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilmaydi.
Endilikda tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada shartnoma shartlari bajarilmagani uchun jarima va uchinchi shaxslarning kafilligi belgilanadi.
Avvalroq Rossiya o‘zbekistonlik migrantlar huquqlari himoyalanishi ustidan nazoratni kuchaytirishi haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston ham mamlakatga tashrif buyuradigan rossiyaliklar huquqlariga amal qilinishi bo‘yicha kuzatuvni kuchaytirish majburiyatini oldi.