Prezidentning 5-maydagi farmoni bilan El-yurt umidi jamg‘armasi prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha El-yurt umidi jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi.
Jamg‘arma professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganib boradi. Nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yo‘naltirish ishlarini olib boradi.
Stipendiatlarning O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun sharoitlar yaratish hamda ularni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha takliflar kiritadi. Shuningdek, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanishi kerak.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari orasidan maqsadli stajirovkaga yuboriladigan nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Stajirovka tashkil etiladigan xorijiy tashkilotlar va muddati buyurtmachilar, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va El-yurt umidi jamg‘armasi tomonidan belgilanadi.
Maqsadli stajirovkaga yuboriladigan mutaxassislarning stajirovka o‘tashda zarur bo‘ladigan xorijiy tilni o‘rganishi uchun vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan tegishli sharoitlar yaratib beriladi.
Farmonga ko‘ra, bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish uchun eng munosib nomzodlarni saralash maqsadida prezidentning El-yurt umidi stipendiyasi joriy etiladi.
Ushbu stipendiya g‘oliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat o‘tkazish orqali aniqlanadi. Testda nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va kreativlik qobiliyatlari, psixologik barqarorligi baholanadi.
Bakalavriat hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga ko‘ra, top-100 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ta’lim dasturlariga 100% grant asosida qabul qilingan nomzodlarga El-yurt umidi jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi.
Top-300 xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga kirganlarga xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun jamg‘arma stipendiyalari tanlovlarsiz taqdim etiladi.
Shuningdek, top-20 OTMning bakalavriat ta’lim dasturlariga kamida 50% grant yutgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilariga ham stipendiya tanlovlarsiz beriladi.
Avvalroq 15-maydan Work and Travel dasturi uchun ssuda ajratish boshlanishi haqida xabar berilgandi. Arizalarni davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal orqali jo‘natish mumkin bo‘ladi. Talabalarga 15 mln so‘mgacha qarz beriladi.