Rosatom O‘zbekistonda Rossiya loyihasi asosida qurilayotgan kichik atom elektr stansiyasining birinchi bloki uchun reaktor uskunalarini tayyorlashga kirishdi. Bu haqda davlat korporatsiyasi matbuot xizmatiga tayanib, TASS nashri xabar berdi.
“Bugun „Rosatom“ O‘zbekistondagi kichik quvvatli AESning birinchi bloki uchun reaktor uskunalarini ishlab chiqarishni boshladi,” — deya ma’lum qildi matbuot xizmati
13−15 iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilayotgan Energetika haftaligi doirasida Rossiya kompaniyasi matbuot xizmati kichik quvvatli AESning birinchi bloki uchun uskunalarni ishlab chiqarish boshlanganini ma’lum qildidi
Rosatom’ning Sankt-Peterburgdagi zavodida boshlangan ishlar natijasida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan. “Po‘lat quyish — bu aslida yadro reaktorini yaratish jarayonining boshlanishi”, — deya ta’kidlanadi kompaniyada.
Joriy yilning aprel oyida Jizzaxda kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.
May oyida kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi. Bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va energiya ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini yaratadi.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.
Aprel oyi o‘rtalarida kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Jizzaxda qurilayotgan qurilish-montaj bazasi ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.
O‘zatom Rosatom hamda CNNC bilan AESning yadroviy bo‘lmagan oroli uchun texnik jihozlarni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachev O‘zbekiston va Rossiya AES qurilishi bo‘yicha barcha huquqiy masalalarni kelishib olingani, oldinda loyihani aniqlashtirish hamda litsenziyalash qolganini ma’lum qildi. Shuningdek, u katta AES qurish borasida, O‘zbekiston rahbariyati qachon bu mavzusiga qaytganida, takliflar tayyor bo‘lgan bo‘lishini bildirdi.