Avvalroq mehnat migratsiyasini takomillashtirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingani haqida xabar berilandi. Hujjat bilan deportatsiya qilingan migrantlardan xarajatlarni undirish tartibi belgilanmoqda.
2025-yilning 1-sentabridan boshlab Migratsiya agentligi tomonidan Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasi yuritiladi. Unda xorijda qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuziga salbiy ta’sir qiluvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarning ma’lumotlari bo‘ladi.
Yagona ma’lumotlar bazasiga elektron reyestr sifatida quyidagilar kiritiladi:
- O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalaridan olingan ma’lumotlar;
- O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq readmissiya qilingan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;
- Migratsiya agentligi va uning xorijdagi vakolatxonalaridan (vakillaridan) olingan ma’lumotlar.
O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi.
Biroq, bundan IIV tomonidan belgilanadigan holatlar mustasno. Ya’ni, ayrim hollarda readmissiya qilingan fuqarolarga chet elga chiqishlari uchun biometrik pasport rasmiylashtirib berilishi mumkin.
Aprel oyida BAAda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilgani, mamlakat diplomatlari bunga aniqlik kiritish uchun vaziyatni o‘rganayotgani ma’lum bo‘lgandi. BAA tomoni 15 nafar fuqaroni qo‘lga olgan. TIV bu vizasiz rejimga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlab, fuqarolarni mamlakat sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
Avvalroq mehnat migrantlariga beriladigan moddiy yordam miqdori oshirilishi haqida xabar berilgandi.