Avvalroq UzAuto Motors Xorazm viloyatidagi Damas ishlab chiqarish zavodida arzon minivenlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi.

2026-yilda yirik uzelli yig‘ishni (SKD) boshlash, 2027-yildan esa ishlab chiqarishning to‘liq sikliga o‘tish rejalashtirilgan. Loyiha qiiymati $100 mlnni tashkil etib, uning doirasida Yevro-5 ekologik standartiga javob beruvchi 7 o‘ringa mo‘ljallangan avtomobil ishlab chiqariladi.

Mazkur xabarlardan keyin ijtimoiy tarmoqlarda 7 kishiga mo‘ljallangan va 640 kg gacha yuk ko‘tara oladigan yangi miniven — Chevrolet N400 Passenger modeli haqida xabarlar tarqaldi. UzAuto Motors matbuot xizmati Spot so‘roviga javoban bu bo‘yicha izoh berdi.

Chevrolet N400 Passenger

“Yangi model maqsadli iste’molchining xohish-istaklarini hisobga olgan holda tanlanadi. Hozirda avtomobillarning potensial modellari o‘rganilib, bunda texnik xususiyatlarining mahalliy ekspluatatsiya sharoitlariga mosligi, shuningdek, ishonchliligi va qulayligiga e’tibor qaratilmoqda”, — deyiladi avtomobil ishlab chiqaruvchisi bayonotida.

Mazkur mezonlarga javob beruvchi model aniqlangandan hamda tasdiqlangandan so‘ng, UzAuto Motors O‘zbekistonda mazkur avtomobil ishlab chiqarilishi haqidagi ma’lumotlarni o‘zining rasmiy manbalarida e’lon qilishini bildirdi. Biroq kompaniya yangi model sifatida Chevrolet N400 Passenger tanlangani haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi, ammo inkor ham etgani yo‘q.

Yaqinda Toshkentda o‘zini o‘zi band qilgan taksichilarga kamida 4 va ko‘pi bilan 8 kishilik minivenlardan foydalanishga ruxsat berildi. Ularning ro‘yxatini Transport vazirligi tasdiqlashi kerak. Eksperimental tartib 15-apreldan kuchga kirdi va 2026-yil oxirigacha davom etadi.

Avvalroq uch oyda xorijdan O‘zbekistonga 7 mingdan kam avtomobil olib kirilgani haqida xabar berilgandi.