Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni va uni tezlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari nazorati asosida 2023-yildan buyon JSTga a’zo bo‘lish choralari ko‘rilmoqda. Shu kungacha ikki tomonlama muzokaralarda muayyan natijalarga erishildi. Ishchi guruhning to‘rtta yig‘ilishi o‘tkazilib, 500 dan ortiq masalalar ko‘tarildi, 30 dan ziyod rasmiy hujjatlar JST Kotibiyatiga taqdim etildi.

Ikki tomonlama muzokaralar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, bugungi kunga qadar 24 tasi bilan muzokaralar yakunlandi.

JST a’zolari bilan muloqotda yangi yondashuv va islohotlar natijalari ijobiy baholanmoqda. Milliy qonunchilikni tashkilot talablariga uyg‘unlashtirish doirasida huquqiy va institutsional ishlar amalga oshirildi. 13 ta qonun, prezidentning 10 ta farmon va qarori, 19 ta hukumat qarorlari va 10 ta idoralararo normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Jumladan, bojxona tartibotlari, eksport-import qoidalari hamda intellektual mulk sohasidagi mexanizmlar bosqichma-bosqich JST standartlariga moslashtirildi, davlat ulushi mavjud bo‘lgan 6 ta korxonada eksklyuziv huquqlar bekor qilindi. Davlat rahbari JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirish hamda uni sifatli va tizimli tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

Joriy yilda qolgan 9 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash, ishchi guruhning 2 ta yig‘ilishini o‘tkazish hamda hisobot loyihasini yakunlab, O‘zbekistonning JST doirasidagi majburiyatlarini to‘liq shakllantirish vazifalari aniq belgilab berildi.

Shuningdek, qonunchilikni tashkilot talablariga moslashtirish doirasida 15 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayonini tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Bular qatorida “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”, “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risida"gi yangi tahrirdagi qonunlarni qabul qilish bor.

Prezident tomonidan bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan yaqindan va samarali hamkorlikni ta’minlash muhim vazifa sifatida belgilab berildi. Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya sohalarini isloh qilish, ushbu yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash sifatini oshirish kerakligi alohida qayd etildi.

2024-yilning noyabr oyida Azizbek Urunov O‘zbekiston Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya hamda Shveysariya kabi davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini qayd etgandi. Shuningdek, u bu kabi mamlakatlar “ko‘p qolmagani"ni bildirdi.

Yanvar oyida prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha AQSh, Xitoy va Yaponiya kabi 15 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakuni natijasida bitim imzolangan davlatlar soni 23 taga yetganini ma’lum qilgandi.

JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.

Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tashkilotga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 26-noyabr kuni o‘tkazilgan majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov eksportyorlarga beriladigan ba’zi soliq imtiyozlarining bekor qilinishiga izoh berib, bu Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bilan bog‘liqligini qayd etdi.

Avvalroq O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qisman yakunlagani haqida xabar berilgandi. Tomonlar xizmatlar qismi bo‘yicha kelishib oldilar va yaqin oylarda tovarlar bo‘yicha ham ishlar yakunlanishi kutilmoqda.