Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekistonning tez fursatda JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlat rahbari mamlakat o‘z oldiga o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish bo‘yicha qo‘ygan maqsadlardan kelib chiqib, tashkilotga qo‘shilish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Prezident Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishini tayyorlash hamda jarayonda ishtirok etayotgan mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish va malakasini oshirish masalalariga to‘xtaldi.

JST bosh direktori O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholab, sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini hamda mamlakat yaqin kelajakda tashkilotga qo‘shilishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga uyg‘unlashtirish kelishildi.

Mamlakatda 2024-yilgacha transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun subsidiya berish tizimini JSt talablariga moslashtirish, joriy yilning 1-noyabrigacha tovarlarni “eksport” va “import” bojxona rejimlariga rasmiylashtirish uchun undiriladigan bojxona yig‘imlari stavkalarini tashkilot talablariga muvofiq birxillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.

Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonda Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Maxsus vakilning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.