Prezident farmoni bilan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, 2024-yildan alohida davlatlardan olib kiriladigan mahsulotlarning muvofiqligini majburiy baholashdan ozod etish tartibi bekor qilinadi.

Shu bilan birga, import tovarlarni davlat tilida markirovka qilish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi.

Bundan tashqari, 2025-yildan dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini import qilishda bojxona qiymatining 1,2%i miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bekor qilinadi.

Shuningdek, quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflar ishlab chiqiladi:

  • 2023-yil 1-oktabrgacha tovarlarni import qilish uchun litsenziya berish jarayonini avtomatlashtirish (raqamlashtirish) bo‘yicha;
  • 2024-yil 1-yanvargacha transport xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun subsidiya berish tizimini Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish bo‘yicha;
  • 2023 yil 1-noyabrgacha tovarlarni “eksport” va “import” bojxona rejimlariga rasmiylashtirish uchun undiriladigan bojxona yig‘imlari stavkalarini Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiq birxillashtirish bo‘yicha.

Avvalroq “Sot” dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini qanday litsenziyalash mumkinligi haqida yozgandi.

Buning uchun Yagona portal yoki Litsenziya axborot portali orqali murojaat qilinadi.

Arizani ko‘rib chiqish muddati 10 kunni, to‘lanadigan yig‘im miqdori 600 ming so‘m (BHMning 2 baravari), litsenziya berilganligi uchun davlat boji miqdori 3 mln so‘m (BHMning 10 baravari) tashkil qiladi.

Xizmatdan yuridik shaxslar foydalanishlari mumkin bo‘lib, 5 yil muddatga beriladi.