Amazon asoschisi Jeff Bezosning fikricha, sun’iy intellekt (SI) iqtisodiyot samaradorligini sezilarli oshirib, odamlarga haftasiga atigi uch kun ishlash va oilasini bitta daromad hisobidan ta’minlash imkonini berishi mumkin. U bu fikrni Fox News telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.
Bezosning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt yordamida korxonalar kamroq vaqt va resurs sarflab, ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishi yoki xizmat ko‘rsatishi mumkin. Natijada ayrim xodimlar oilasini boqish uchun haftasiga besh kun ishlashi yoki bir nechta ishda band bo‘lishiga ehtiyoj sezmasligi mumkin.
Uning fikricha, ikki kishi ishlaydigan oilalarda ham kelajakda bir kishining daromadi oilani ta’minlash uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Bunday sharoitda ikkinchi oila a’zosi ishlashni davom ettirish yoki mehnat faoliyatidan tanaffus olishni o‘zi tanlaydi.
Bezos sun’iy intellekt ko‘plab ish o‘rinlarini yo‘q qilishi haqidagi prognozlarga qo‘shilmasligini bildirdi. Uning taxminicha, SI samaradorlikni oshirishi natijasida odamlar kamroq ishlashni tanlashi, bu esa ayrim sohalarda ishchi kuchi tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin.
Uning qarashlari sun’iy intellekt iqtisodiyotga faqat ish o‘rinlarini qisqartirish orqali emas, balki mehnat unumdorligini oshirish orqali ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin degan fikrga asoslanadi.
Mazkur optimistik prognozlar Amazon’da ish o‘rinlari qisqartirilayotgani haqidagi xabarlar bilan bir vaqtda yangradi. Fox News boshlovchisi Bret Bayer intervyuda kompaniyada o‘n minglab korporativ lavozimlar qisqartirilganini eslatdi.
Bezos buni pandemiya davrida Amazon xodimlari sonining tez sur’atlarda oshirilgani bilan izohladi. Uning fikricha, kompaniyaning o‘sha davrdagi kengayishi bugungi vaziyatni tushunishda muhim omil hisoblanadi.
Tadbirkor bu o‘zgarishlar qachon yuz berishini aytmadi. Shuningdek, sun’iy intellekt tufayli ortadigan iqtisodiy samaradorlik xodimlarning daromadiga qanday taqsimlanishi yoki ish beruvchilar qisqaroq ish haftasini qanday joriy etishi haqida aniq mexanizm taklif qilmadi.
Shu sababli uning bayonotini amalga oshirilishi tasdiqlangan reja emas, balki kelajak haqidagi taxmin sifatida qabul qilish kerak. Sun’iy intellekt unumdorlikni oshirishi mumkin, ammo bu avtomatik ravishda ish vaqti qisqarishi yoki oilalarning daromadi ortishini anglatmaydi.
Avvalroq Spot Donald Tramp sun’iy intellektni rasman “superintellekt” deb o‘zgartirgani haqida yozgandi.