Xorijda o‘zbek milliy taomlari restorani yoki oshxonasini tashkil etayotgan tadbirkorlarga xarajatlarining 50% igacha bo‘lgan qismi subsidiya sifatida qoplab beriladi. Bu haqda Yagona portal Telegram-kanalida xabar berildi.

Subsidiya O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan hamda xorijda milliy restoran ochayotgan yoki allaqachon ochgan tadbirkorlarga ajratiladi. Xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan Yagona portal orqali bepul ko‘rsatiladi.

Subsidiya olish uchun restoranning xorijda ro‘yxatdan o‘tganini va binoga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi, shuningdek, uning sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi kerak.

Bundan tashqari, amalga oshirilgan xarajatlar va O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi hujjatlar, zarur hollarda ularning rasmiy tarjimalari hamda restoranning ichki va tashqi fotosuratlari talab etiladi.

Arizalar my.gov.uz orqali yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilingach, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Arizada kamchiliklar aniqlansa, ularni bartaraf etib, qayta murojaat qilish mumkin.

Spot avvalroq biznes kadrlar almashinuvi sabab umumiy ovqatlanish sohasida ishga olishni soddalashtirishni taklif qilgani haqida yozgandi.