Dodo Pizza Tashkent asoschisi Dinara Islamova kadrlar almashinuvi yuqori bo‘lgan umumiy ovqatlanish sohasida mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirishni taklif qildi. U bu tashabbusni 18-avgust kuni Xivada bo‘lib o‘tgan prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida ilgari surdi.
Restoratorning tushuntirishicha, umumiy ovqatlanish sohasi asosan yoshlar bilan ishlaydi. Ular uchun bu ko‘pincha birinchi ish joyi bo‘lib, ishning o‘zi esa vaqtinchalik yoki mavsumiy faoliyat sifatida qabul qilinadi. Shu sababli, uning fikricha, bu sohada mehnat munosabatlaridagi ortiqcha byurokratiyadan voz kechish zarur.
U xodimlar haqidagi ma’lumotlar saqlanadigan va davlat organlari bilan integratsiyalashgan Yagona milliy mehnat tizimining texnik imkoniyatlarini kengaytirishni taklif qildi.
Uning fikricha, xodim haqidagi ma’lumotlarga to‘liq yuridik kuch berish va qog‘oz hujjat aylanishidan butunlay elektron formatga o‘tish kerak.
Tadbirkorning ikkinchi taklifi — kadrlar almashinuvi yuqori bo‘lgan sohalarda yangi xodimlar bilan mehnat munosabatlarini soddalashtirilgan elektron tartibda rasmiylashtirish.
“Bu bizga katta yordam bo‘lardi — ortiqcha hujjatbozlikdan xalos bo‘lardik”, — dedi Islamova.
Shavkat Mirziyoyev har ikki taklifni qo‘llab-quvvatladi. Ularni amalga oshirish uchun tegishli munosabatlarni tartibga solish va zarur bo‘lsa, qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish kerakligini aytdi.
Bundan tashqari, Dodo Pizza Tashkent asoschisi hozirda pitsa restoranlari tarmog‘i 19 ta filialdan iborat ekanini, sentyabr oyida ularning sonini 21 taga yetkazish rejalashtirilayotganini aytdi. Ikki yil ichida jamoa 300 nafargacha kengaygan.
Kompaniya 2027-yilda yana 20 ta pitsa restoranini ochishni, bunda asosan hududlardagi rivojlanishga e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda. Xodimlar sonini esa ikki baravarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot Zafar Hoshimov tijorat ijarasi uchun alohida huquqiy rejim joriy etishni taklif qilgani haqida yozgandi.