Markaziy bank ma‘lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari qisqardi.

1-oktabr holatiga ko‘ra, respublika oltin-valyuta zaxiralarining umumiy hajmi $66,58 mlrd ni tashkil etdi. Bir oy ichida ushbu ko‘rsatkich $5,54 mlrd ga (-7,69%) kamaydi, bunda asosiy pasayish jahon kotirovkalari fonida oltin zaxirasining salbiy qayta baholanishi hamda valyuta aktivlarining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati $4,83 mlrd ga (-7,46%) kamayib, $60,08 mlrd ni tashkil qildi. Shu bilan birga, uning fizik hajmi bir oy oldingi 14,11 mln unsiyaga nisbatan 14,34 mln troya unsiyasiga (qariyb 446,2 tonna) oshdi.

Avgust oyi oxirida oltin kotirovkalari bir troya unsiyasi uchun $4660 atrofidagi mahalliy maksimumda bo‘lgan bo‘lsa, sentyabrda jahon bozorida mo‘tadil korreksion dinamika ustunlik qildi. Oyning birinchi yarmida narxlar $4300−4450 oralig‘ida saqlanib turdi, so‘ng sentyabr o‘rtalari va ikkinchi yarmiga kelib bir unsiya uchun $4200 dan pastga tushdi hamda oy oxirida ushbu ko‘rsatkichdan sal yuqoriroq darajada barqarorlashdi.

Sentabr yakunlariga ko‘ra zaxiralarning valyuta qismi $5,92 mlrd ni tashkil etib, bir oy oldingiga nisbatan $702,8 mln ga (-10,59%) kamaydi. Boshqa banklar hisobvaraqlaridagi naqd xorijiy valyuta va depozitlar hajmi 12,92% ga qisqarib, $4,24 mlrd ni tashkil qildi. Bunga boshqa mamlakatlarning markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi (XVJ) $1,1 mlrd (+0,34%), shuningdek, xorijiy tijorat banklaridagi $3,13 mlrd (-16,78%) kiradi.

O‘z navbatida, sentabr yakunlari bo‘yicha Markaziy bank balansidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi $73,7 mln ga qisqarib, $1,69 mlrd ni (-4,18%) tashkil etdi. Biroq aktivlarning umumiy hajmi sezilarli darajada pasaygani fonida ularning jami zaxiralardagi ulushi bir oy oldingi 2,45% dan 2,54% ga biroz oshdi.

Spot avvalroq O‘zbekiston avgust oyida oltin eksportini to‘xtatgani haqida yozgandi.