Avvalroq 15-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini oshirish hamda kelgusi vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgani, joriy yilda bunga 60 trln so‘m yo‘naltirilayotgani ta’kidlandi. Maktablarda 1 mlnga yaqin, bog‘chalarda 1,5 mln yangi o‘rinlar yaratildi. Bog‘cha bilan qamrov 3 baravar oshib, 78%ga yetdi.
O‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilinib, 60 ming o‘qituvchi hozirda 8−12 mln so‘m maosh olyapti. Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65% ga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7−10 mln so‘mdan oshadi.
O‘tgan yili 1,5 mingta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning ta’lim dasturi joriy qilindi. Ikki yil oldin tarmoqlar talabi asosida 289 ta maktabning 10-sinf o‘quvchilariga 60 turdagi kasblarni o‘rgatish boshlandi. Shundan 114 ta maktabga tadbirkorlar biriktirilib, 4 ming o‘quvchi 2 mlndan 5 mln so‘mgacha oylik oladi.
Dehqonobod, G‘uzor, Kosonsoy, Mingbuloq, Uychi, Guliston, Sardoba, Xovos, Boysun, Denov, Sho‘rchi, Muzrabot, Buvayda, Dang‘ara, Hazorasp, Xonqa tumanlari hokimlariga bittadan maktabni ushbu tizimga moslashtirish topshirig‘i berilgan edi. Lekin, ular kasbga o‘qitish uchun zarur jihoz va xom ashyo olib bermagani tanqid qilindi.
Hozirda 7−11 sinf o‘quvchilari kuniga 8 soatgacha vaqtini telefonda ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani maktab direktori va muallimni ham, ota-onalarni ham o‘ylantirishi zarurligi qayd etildi.
Yoki viloyatlarda, ayniqsa, Namanganda o‘quvchilarga avtomobilni ijaraga berish avj olgani oqibatida, har oyda 10−15 nafar yoshlar majruh bo‘lib qolyapti. O‘lim bilan tugayotgan holatlar ham ko‘p.
Ichki ishlar boshliqlari, viloyat, tuman prokurorlari qonun ustuvorligini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bolalarga mashina boshqarishni berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash topshirildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga butun tizimi bilan “favqulodda to‘qson kunlik” tartibida ishlashga o‘tish topshirildi.
Avvalroq Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Yangi tashkil etiladigan ta’lim tashkilotlari faoliyati ikki bosqichda yo‘lga qo‘yiladi.