Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumatning 2024-yil dekabr oyidagi tegishli qarori bilan poytaxtning 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlanib, Toshkent hududi 3 ta — konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgandi.

Bunda, renovatsiya zonasiga eski, kam qavatli uylar, shaharsozlik va zilzilabardoshlilik talablariga javob bermaydigan binolar kiritilgan. Ular bosqichma-bosqich bartaraf etilib, bo‘shatilgan hudud zamonaviy loyihalar asosida qaytadan qurilishi ko‘zda tutilgan.

Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan bo‘lib, 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali mazkur hududlar funksional jihatdan boyitiladi, aholi uchun sharoitlar yaxshilanadi, atrof obodonlashtiriladi.

“Natijada eski va zamonaviy mavzelar orasidagi tafovut bosqichma-bosqich qisqartiriladi. Binolar kam maydonda qurilib, mavjud daraxtlar saqlab qolinadi, yangi yashil hududlar barpo etiladi”, — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari bu loyihalarning shahar arxitekturasi va infratuzilmasiga mosligini chuqur o‘rganish, geologik va seysmik tahlillar asosida xavfsizlik jihatidan takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Turar joylar maktab-bog‘cha kabi ijtimoiy muassasalar, dam olish sharoitlariga bog‘liq bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlarni 3 karra ko‘paytirib, 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan. Bu, o‘z navbatida, suv yo‘llarini yaxshilashni talab etadi.

Taqdimotda shahar irrigatsiya va drenaj tarmoqlarining yangi bosh reja bilan uyg‘unlashtirilgan tizimi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, 2030-yilgacha 100 km kanallar rekonstruksiya qilinib, atrofida sayilgohlar tashkil etiladi.

Turkiyaning Su Yapi Engineering and Consulting kompaniyasi bilan birga drenaj tarmoqlaridagi muammolar o‘rganilib, aerofoto, geodeziya va yog‘ingarchilik tahlili asosida ularni yangilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqilgan.

O‘tgan yili 45 ta suv toshqini hududlari bartaraf etilgan. Bu yil yana 34 ta joyda shunday ishlar bajariladi. Prezident bu ishlarni davom ettirib, qamrovini yanada oshirish, shu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

Davlat rahbariga Toshkent shahrida investitsiya loyihalarining holati haqida ham axborot berildi.

Poytaxtda umumiy qiymati $25 mlrdlik 717 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Joriy yilda shundan $7,5 mlrd o‘zlashtirilib, 265 ta loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Natijada turar joylar, savdo va ko‘ngilochar majmualar qurilib, sanoat korxonalari tashkil etilishi va minglab ish o‘rinlari ochilishi kutilmoqda.

Avvalroq CMWP va Atlas tahlillari Toshkent hududining deyarli yarmi rekonstruksiya va yangilanishga muhtoj ekanligini ko‘rsatgani haqida xabar berilgandi.