AQSh prezidenti Donald Trampning kompaniyalari so‘nggi bir oy ichida kamida $2 mlrd ishlab topdi, deb yozadi The New York Times.
Oq uy manfaatlar to‘qnashuvini rad etib, biznesni Trampning o‘g‘illari boshqarayotganini da’vo qilmoqda. Daromadlar kriptovalyuta va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlardan olinadi.
Trampning 20-yanvardagi lavozimga kirishish marosimi arafasida uning jamoasi OFFICIAL TRUMP (TRUMP) va Official Melania Meme (MELANIA) nomli mem-tokenlarini chiqardi. Bu tokenlar bir kunda eng yirik kapitallashtirish qiymatiga ega kriptovalyutalar ro‘yxatiga kirdi.
NYT xabar berishicha, TRUMP memkoinini Amerika yetakchisining katta o‘g‘li kichik Donald Tramp boshqarmoqda. Yaqinda prezident token xaridorlarining eng yaxshilarini Virjiniyadagi o‘zining golf klubida u bilan kechki ovqatga, shuningdek Oq uy bo‘ylab sayohatga taklif etishga va’da berdi.
G‘oliblar $TRUMP tangalarini sotib olish uchun kamida $174 mlrd sarflashgan (hozirgi paytda ularning narxi taxminan $13ni tashkil etadi).
Bundan tashqari, BAA investitsiya firmasi orqali Tramplar oilasining yangi kriptovalyuta loyihasi World Liberty Financial’ga $2 mlrd mablag‘ kiritdi. Erik Tramp va Donald Tramp-kichik boshchilik qilayotgan kompaniya investitsiyalardan yiliga o‘nlab million dollar foyda olishi nashr tomonidan ta’kidlandi.
Qatar ham mamlakаtda Tramp brendi ostidagi plyaj golfi va villalar qurilishining $5,5 mlrdlik loyihasini moliyalashtirishga hissa qo‘shdi — prezident oilasi litsenziya va boshqaruv to‘lovlaridan millionlab daromad oladi.
NYT xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi ko‘chmas mulk kompaniyasi Dubaydagi Trump International Hotel and Tower loyihasiga $1 mlrd sarmoya kiritgan.
Ayni shu kompaniya Saudiya Arabistoni va Omonda Trampning boshqa yangi mehmonxonalari, golf maydonlari va hashamatli minoralarini qurishni rejalashtirmoqda. Bu ham Tramplar oilasiga o‘z nomi uchun millionlab dollar keltiradigan brending bitimlari ekanligini nashr qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Spot Qatar Donald Trampga $400 mlnlik samolyot sovg‘a qilishi haqida yozgandi.
“Uchar saroy” deb ta’riflanayotgan sovg‘a haqida rasmiy Tramp Qatarga tashrif buyurganida e’lon qilinishi kutilmoqda.