Raqobat qo‘mitasi 2024-yilda va 2025-yilning o‘tgan davrida reklama joylashtirilishi va tarqatilishi bo‘yicha jami 45 mingga yaqin nazorat tadbirlarini o‘tkazdi. Bu haqda 16-may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda qo‘mita raisi maslahatchisi Otabek Usmonov ma’lum qildi.
O‘rganishlarning asosiy qismi (80%) — 36 mingdan ortig‘i tashqi reklama vositalari, 16%i yoki 7,5 mingdan ortig‘i internet va ijtimoiy tarmoqlarga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, televideniyeda 650 dan ortiq, radioda 450 ga yaqin hamda bosma nashrlarda 350 dan ortiq monitoring ishlari olib borildi.
Natijada 17 641 ta holatda reklamalarda kamchiliklar aniqlanib, tezkor bartaraf etildi. Shundan 185 tasi totalizatorlik va bukmekerlik idoralari faoliyati, 150 tasi esa dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) va boshqa (ozdiruvchi, semirtiruvchi) preparatlarga oid reklamalar bo‘yicha kuzatilgan.
Savdo va umumiy ovqatlanish obyektlarida 2 137 ta o‘rganishlar olib borilib, ulardan 337 tasida taqiqlangan mahsulotlar — tamaki, alkogol, elektron sigaret, pivo va boshqalarning reklama-axborotlarida kamchiliklar aniqlandi.
Shuningdek, 452 ta obyektda tashqi reklama konstruksiyalari, me’moriy va tarixiy-madaniy obidalari va arxitektura yodgorliklarida joylashtirilgan 10 ta reklama aniqlanib, tegishli chora ko‘rildi.
Reklama sohasidagi huquqbuzarliklar uchun 200 ga yaqin subyektga tegishli tartibda moliyaviy sanksiya qo‘llanildi.
Litsenziya va ruxsatnomasiz Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlar reklamalarini joylashtirgan 27 ta turoperatorga nisbatan moliyaviy sanksiya qo‘llanildi. Shu bilan birga, ularga reklamani to‘xtatish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Ulardan 16 tasi tomonidan berilgan reklama axborotida qonunchilik talablari buzilishi tasdiqlanib, ularning mas’ul mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasini nazorat qilish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining 150 dan ortiq holat bo‘yicha ekspert xulosasi olinib, 103 ta holatda kamchiliklar bartaraf etildi.
Raqobat qo‘mitasi noqonuniy reklama axboroti tarqatgan 90 ta saytni bloklash bo‘yicha AOKAga so‘rov yubordi. 25 ta holatda esa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xonanda, sportchi va blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi noqonuniy reklamalari yuzasidan huquqiy baho berish uchun so‘rov yuborildi.
Reklama beruvchilar taqdim etgan eskizlarning qonunchilikka muvofiqligi bo‘yicha 305 ta ekspertiza va tahlillar o‘tkazilib, 81 tasining nomuvofiqligi haqida xulosalar berildi.
Avvalroq Toshkentning ikkita tumanida noqonuniy reklama qurilmalari demontaj qilingani haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimligi tadbirkorlardan reklama konstruksiyalarini joylashtirishda ruxsatnoma mavjudligiga aniqlik kiritishni hamda piyodalar va avtomobillar harakatini cheklab qo‘ymasligiga e’tibor qaratishni so‘radi.