O‘zbekistondagi onlayn marketpleyslarda kontrafakt mahsulotlar savdosi bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining Intellektual mulk departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish, realizatsiyasining oldini olish va huquq egalarining huquqlarini tiklashga qaratilgan nazorat tadbirida mamlakat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan Uzum Market, Olcha hamda Glotr marketpleyslari o‘rganib chiqildi.

Natijada Uzum Marketda 220 ga yaqin, Glotr va Olchada esa 50 ga yaqin kontrafakt mahsulotlar savdoga taklif etilayotganligi aniqlandi.

Ularda Puma, Lacoste, Adidas, Chanel, Eclat, Gucci, Samsung hamda Bosch kabi brendlarning tovar belgilari ostida savdoga chiqarilgan kiyim-kechak, kosmetika hamda maishiy texnika vositalari ko‘proq uchraydi.

Holat bo‘yicha huquq egalarining murojaatlariga asosan Uzum Market’da ayrim kontrafakt mahsulotlar savdosiga chek qo‘yilib, ular marketpleysdan olib tashlandi.

Shuningdek, hozirda qolgan huquqbuzarliklar yuzasidan ham intellektual mulk egalariga ma’lumotlar yuborilgan bo‘lib, ular tomonidan munosabat bildirilganidan so‘ng tegishli ta’sir choralari qo‘llaniladi.

Departament tadbirkorlardan intellektual mulkka bo‘lgan huquqlari buzilgan taqdirda, Adliya vazirligining 1008 ishonch telefoni yoki info@adliya.uz elektron pochta manzili orqali murojaat qilishlarini so‘ramoqda.

Avvalroq Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda taxminan 46 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lamagani haqida xabar berilgandi.