O‘zbekiston pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishi kerak. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze 2-may kuni OAV vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat pensiya islohotini o‘tkazishi kerak. XVJ bu masala ustida ish olib borayotgan hukumatga yordam bermoqda.
“Erkaklar uchun pensiya yoshi 60 yosh, ayollar uchun esa 55 yoshni tashkil etadi. Bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Shundan kelib chiqib, pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirishni tavsiya etish mumkin, biroq buning uchun [pensiya islohoti] konsepsiyasini tasdiqlash zarur. Biz hukumatga bu zarur islohotni amalga oshirishda yordam beramiz”, — dedi Gvenetadze.
2024-yilning sentabrida hukumat davlat pensiya ta’minotini isloh qilish konsepsiyasi bilan shug‘ullanadigan ishchi guruh tarkibini tasdiqladi. Unga bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.
Ishchi guruhga amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni o‘rganish vazifasi yuklatilgan. Tizimni isloh qilish bo‘yicha konsepsiyasi loyihasini joriy yilning 1-martigacha prezident Administratsiyasiga kiritish topshirilgandi.
Aprel oyida XVJ O‘zbekistonning soliq-budjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berib, budjet xarajatlari samaradorligini oshirish uchun pensiya islohotini o‘tkazishni taklif qildi.
Oxirgi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun doimiy ravishda davlat budjetidan transfert ajratiladi. 2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘mni tashkil etib, umumiy xarajatlarning chorak qismini tashkil etdi. 2023-yil uchun 15 trln so‘m (29%) ajratish rejalashtirilgandi. 2030-yilda transfert hajmi 38 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.
Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.
Undan keyin Strategik islohotlar agentligi ijtimoiy tarmoqlarda pensiya tizimini xususiylashtirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etib, pensiya tizimiga xususiy sektorni jalb qilish taklifi davlat ishtirokidagi pensiya fondini bekor qilishni nazarda tutmasligini ma’lum qildi.
Avvalroq senatorlar pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyani ularning alohida murojaatisiz proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilovchi qonunni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.