1-iyundan boshlab shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno hisoblanadi.
Ta’mirlash va yo‘l chiziqlarini yangilash ishlari endi kunduzi emas, faqat kechasi — yo‘llardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi.
Bu o‘zgarish fuqarolarning kundalik ishga borish-kelish, farzandini maktabga olib borish yoki shifoxonaga yetib olishni osonlashtirish bilan bir qatorda, tirbandliklar yuzaga kelishini oldini oladi.
Avvalroq 1-iyundan boshlab yo‘l chizig‘ini bosib qoidabuzarlik sodir etgan haydobchilar jarimaga tortilmasligi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, prezident topshirig‘iga asosan aholining taklif va istaklarini inobatga olgan holda, avtomobil yo‘llarida harakatlanish tartibini takomillashtirish, haydovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan joriy yilning 1-iyunidan yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i — “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) bundan mustasno.
Ya’ni, haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin, YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
Joriy yilning 1-iyunidan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari kuchga kiradi. Bungacha E-jarimaball moduli ishlab chiqilib, haydovchilarga to‘plangan ballari haqida SMS-xabar orqali ogohlantirish berib boriladi.
Foto va videoradarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanmaydi. Biroq, tartibda keyinchalik buni joriy etish bo‘yicha hukumatga asoslantirilgan xulosa kiritish belgilangan.
Avvalroq avtobus yo‘laklari va trotuarlarda harakatlanganlik uchun jarimalar miqdori tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Birinchi huquqbuzarlik uchun 375 ming so‘m, takror sodir etilganda esa 1,125 mln so‘m miqdorida jarima undiriladi.