Sergey Gimadiyev Apex Bank boshqaruvining yangi raisi etib tayinlandi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portali ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
Apex Bank aksiyadorlari umumiy yig‘ilishining 14-maydagi qaroriga ko‘ra, bank boshqaruvi raisi Bahrom Hamidullayevich No‘monovning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi. 15-maydan boshlab Apex Bank raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Sergey Abdulhayevich Gimadiyev saylandi. Uning tayinlanishi Markaziy bank bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
“Men uchun bu mas’uliyat va ishonch qadami. Biz bankning mijozlarimiz uchun o‘sish, texnologik va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatishga qaratilgan strategik yo‘nalishini davom ettiramiz”, — dedi u.
Sergey Gimadiyev Apex Bank jamoasiga 2024-yilning may oyida qo‘shilgan va bank raisining o‘rinbosari lavozimini egallagan.
U 2019-yilning iyunidan 2021-yil noyabrigacha Kapitalbank raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Apelsin mustaqil raqamli bank sifatida ishga tushirilgandan so‘ng, uning boshqaruv raisi bo‘lib qoldi. U Uzum Bank rebrendingidan keyin ham o‘z lavozimini saqlab qoldi, biroq 2023-yil iyun oyida lavozimini tark etib, Asia Alliance Bank’ni boshqarishni boshladi.
Ilgari Apex Bank’ga rahbarlik qilgan Bahrom No‘monov kuzatuv kengashi tarkibida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Operatsion boshqaruv Sergey Gimadiyevga topshiriladi, bankning avvalgi rahbari esa raqamli bankni strategik rivojlantirishda “faol ishtirok etish"ni saqlab qoladi.
Apex Bank 2023-yilning mart oyida Markaziy bankdan bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan.
Avvalroq Shuhratbek Qurbonov TBC Bank Uzbekistan rahbarining maslahatchisi bo‘lgani haqida xabar berilgandi.