Navbahor Boudot (Xaniyazova) Xorazm viloyatining Gurlan tumanida oddiy oilada tug‘ilgan. Otasi baliqchi, onasi esa tikuvchi bo‘lgan. Til o‘rganishga nisbatan qiziqish uni poytaxt sari yetaklagan. U O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining fransuz tili yo‘nalishida shartnoma asosida tahsil olgan. Talabalik davrida Toshkentda dizaynerlik kursiga qatnagan, bir qancha joylarda ishlab, tikuvchilik tajribasini oshirgan.
2007-yili madaniy almashinuv dasturi bo‘yicha Fransiyaning Lion shahriga borgan. 2009-yili Nikolya ismli fransuz yigitga turmushga chiqqan. Uning qo‘llab-quvvatlashi ortidan Bahor brendiga asos solgan. Navbahor Boudot biznes g‘oyasi orqali tanlovlarda qatnashib, grantlar yutishga erishgan. U Fransiyadagi qator vazirlar va Lion shahar hokimligi nazariga tushib, turli loyihalarda faol qatnashib keladi. Bundan tashqari, Xiva shahrida restoran biznesini ham yo‘lga qo‘ygan.
Navbahor Boudot Spot’ga Fransiyaga nega va qanday ketgani, u yerdagi hayoti va karyerasi, Xorazmdagi biznesi va boshqa mavzularda gapirib berdi.
Suhbatni to‘liq holatda Spot’ning YouTube`dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin:
Navbahor opa, xush kelibsiz. Shu yilning mart oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Emmanuel Makronning taklifi bilan Fransiyada bo‘lib qaytdi. Tarmoqlardagi sahifangizga ikki davlat rahbarlari bilan tushgan suratlaringizni joyladingiz. Ushbu tashrif tadbirkor sifatida faoliyatingizga qanday ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylaysiz? Nimalarni kutyapsiz?
Tashrif davomida ikki mamlakat rahbarlari bilan uchrashib, o‘zbek va fransuz tillarida muloqot qildim, faoliyatim haqida gapirib berdim. Bu, albatta, men uchun kutilmagan va unutilmas uchrashuv bo‘ldi. Kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorliklar, ayniqsa, iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanishiga ishonaman.
Hozirda Fransiyadan investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish masalasi ustida ishlar olib boryapman. Shuningdek, o‘zbek ipak mahsulotlarini Fransiya bozoriga olib kirib, u yerda savdo nuqtasini tashkil etish arafasidamiz.
Bu loyiha ustida bir yil ishladik va yaqinda dastlabki ipak mahsulotlarini namoyish etdik. Turizm sohasida ham bir qancha loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganman.
Ikki yil oldin Xivada restoran ochgan edingiz. O‘zbekistonda nega aynan restoran biznesini boshladingiz?
Bugungi kunda O‘zbekistonda turizm sohasidagi imkoniyatlar juda katta. Turizm men uchun eng ko‘zga ko‘ringan va ishonchli soha. Ish berish orqali uydan chiqa olmaydigan yoki o‘z rejasi bor ayollarni ish bilan ta’minlashga harakat qilyapman. Ularning ishga nisbatan ishtiyoqini oshirish, tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirishga ham katta ahamiyat qaratyapman. Bu men uchun ijtimoiy loyiha va asta-sekin rivojlanib boryapti.
Ijtimoiy biznesda birdaniga ko‘tarilib, muvaffaqiyat qozonib bo‘lmaydi. Bu har doim vaqt va izlanishni talab qiladi, o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.
Foto: Navbahor Boudotning shaxsiy arxividan
Restoranni qancha mablag‘ga sotib oldingiz? Mijozlarni qanday jalb qilyapsiz?
Hozircha mablag‘ haqida gapira olmayman (kuladi). Restoran Xivadagi Ichan qa’la majmuasi ichida joylashgan bo‘lib, madaniy meros ro‘yxatida turadi va men ijara asosida faoliyat yuritaman.
Bizning omadimiz shundaki, bu restoran haqida sayohat kitoblarida yozilgan va turistlar ko‘p keladigan nuqtalardan biri hisoblanadi. Restoran o‘rni avval vayron holatda bo‘lgan, 2008-yilga kelib nemislar bilan hamkorlikda restoranga aylantirilgan.
O‘zim Fransiyada yashaganligim uchun u yerdan turib, turistlarni jalb qilish qulay bo‘lyapti. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham mijozlarni jalb etishga harakat qilyapmiz.
Fransiyaga qachon va qanday qilib ketgansiz? Nima uchun aynan bu mamlakat, sizda boshqa davlatga ketish varianti ham bo‘lganku?
Maktabimizda fransuzcha chuqur o‘qitilgan, shu sabab bu tilga nisbatan muhabbat uyg‘ongan. Shuningdek, fransuz tili chiroyli bo‘lganligi hamda yoshligimizdagi kambag‘allik alamini olish uchun shu tilni o‘rganishga qattiq urg‘u berganman.
Aniq esimda, dalaga chiqqan paytimizda paxta termaslik uchun akalarimga Fransiya madhiyasini aytib berardim, ular o‘rnimga ishlardi (kuladi). Paxta dalasida yurgan vaqtlarimda Fransiyaga elchi bo‘lib ketishni orzu qilardim.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining fransuz tili filologiyasi yo‘nalishini tamomlab, 2007-yili madaniy almashinuv dasturi orqali Fransiyaga ketganman. Salkam 20 yildan beri o‘sha yerda yashayman.
Foto: shaxsiy arxiv
Tadbirkorlik faoliyatingizga qadar qanday ishlar bilan shug‘ullangansiz?
Dastlab hind restoranda non yopganman, farrosh bo‘lib ham ishlaganman. Keyinchalik, 80 yoshdan oshgan ayolga enagalik qilganman. O‘sha buvijonning o‘g‘li Fransiyadagi katta biznesmenlardan biri bo‘lgan. Uning faoliyati menga motivatsiya bo‘lgan, tadbirkorlikka nisbatan qiziqishimni oshirgan. Juda ko‘p maslahat berib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan.
Orada fransuz yigitga turmushga chiqdim va hayotimda tub burilishlar, keskin o‘zgarishlar ro‘y berdi. Diplomatik orzuyimdan voz kechib, tikuvchilikni tanladim, buni tasavvur qila olasizmi? O‘zbekistonda tasavvur qilish qiyin, lekin bu Fransiyada normal holat. Onamdan qolgan meros, ya’ni tikuvchilik hunari va ipakchilik men uchun bugungi kunda qadriyatga aylandi.
Tadbirkorlikni boshlashimdan oldin o‘zim nima xohlayotganimni anglab yetdim, bu biznes sohasida juda muhim hisoblanadi, ya’ni bo‘lajak tadbirkor o‘zi nima istayotganini bilishi zarur. Shundan so‘ng reja tuzishga kirishdim, bozorni atroflicha o‘rgandim va bankka bordim. Fransiyada bozorni o‘rganmasangiz, sizga hech qaysi bank pul bermaydi. Bu jarayonlarning barchasi bir necha yil vaqtingizni oladi, energiyangizni yeydi (kuladi). Keyingina tadbirkorlikni boshlaysiz.
Biznes faoliyatingizni qancha mablag‘ bilan boshlagansiz?
130 yevro, ya’ni bitta tikuv mashinasi xarid qilib, o‘zim liboslar tika boshlaganman. Chunki Fransiyada bir ishchi kuchi ancha qimmat turadi. Menda esa boshqa ishchi olishga imkoniyat bo‘lmagan. 2019-yili barqaror va inklyuziv biznesni rivojlantirishga qaratilgan loyiham uchun Fransiyada grant yutdim, shundan so‘ng tekstil sohasidagi faoliyatim har tomonlama kengaya boshladi. Hozirda asosan, kelin ko‘ylaklari tikamiz. Yaqinda ipak matodan yostiqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik.
Ishchilarni qanday topgansiz, hozirda ularning soni qanchani tashkil etadi?
Boshidanoq asosiy maqsadim — qiyqim matolardan liboslar yaratish va migrant ayollar bandligini ta’minlash bo‘lgan. Fransiyaning Lion shahrida oddiy tumanda yashayman. Atrofimda o‘zim singari turli davlatlardan kelgan 42 ta millat vakillari istiqomat qiladi. Ayrimlarini mahoratiga qarab ishga taklif etaman, ba’zilari ish qidirib, o‘zi keladi. Ishni ularning darajasiga moslayman. Bugun Fransiyada ham tekstil sohasida non topish oson emas, agar yangi ishchidan qiyin narsani so‘rasangiz, u ketib qolishi mumkin. Hozir Fransiyada ijtimoiy yordam bilan yashash osonroq. Shu sababli ishlab chiqarish jarayonida hamma narsani xodimning darajasiga moslab, uni asta-sekin ko‘tarib boraman.
Xodimni ishga olayotganda birinchi o‘rinda undagi motivatsiyaga e’tibor beraman. Uning kecha nima ish qilgani, kelib chiqishi umuman ahamiyatsiz. Odamda kasbiga nisbatan qiziqish kuchli bo‘lsa, hammasini bemalol eplab keta oladi.
Ayni paytda 8 nafar ishchim bor. Lekin ularning soni mavsumga va buyurtmalarga qarab o‘zgarib turadi. Biroq mening maqsadim ishchilar sonini ko‘paytirish emas, balki mavjud ishchilarimni iloji boricha mustaqil tadbirkorga aylantirishdir. Hozirda 16 nafar shogirdim kichik biznes egasi sifatida mustaqil faoliyat yuritadi. Ularning yutuqlaridan albatta, quvonaman va rivojlanishiga hissa qo‘shganimdan faxrlanaman.
Foto: shaxsiy arxiv
Turmush o‘rtog‘ingiz fransiyalik bo‘lmaganida bularning barchasiga erisha olarmidingiz? Nima deb o‘ylaysiz?
Menimcha, bu millatga bog‘liq emas. Ammo turmush o‘rtog‘ingning senga nisbatan ishonchi bo‘lsa, bundan kuch olib, tog‘ni ham joyidan surishing mumkin. Maqsadlaringizni amalga oshirayotgan vaqtda sizni yerga urishi emas, balki qo‘llab-quvvatlashi juda muhim. Turmush o‘rtog‘im “Sen tikuvchi ayollar bilan nimadir qilishing kerak”, deganidan so‘ng maqsad paydo bo‘lgan. U menga ishongani uchun ham boshqalarni ishontira oldim.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlaringiz bor?
Biznesga qo‘l urishdan oldin nima qilayotgani va nimalarga qodir ekanligini anglashi kerak, bu juda muhim. Biznes reja tuzish va u bo‘yicha bozorni o‘rganib, boshqa tadbirkorlar faoliyati hamda iste’molchilar kayfiyati bilan yaqindan tanishish zarur. Misol uchun, o‘zim tikkan koftamni bir marta 6 ta fransuz brend do‘konlariga olib borib, mana shuni o‘z qo‘lim bilan yaratdim, qanchaga sotib olasizlar, deganman. Bu men uchun haqiqiy marketing bo‘lgan. Chunki o‘z mahsulotimni uyalmasdan, boricha ko‘rsata olganman.
Biznes reja tuzayotganda uni puxta ishlab chiqish va unga o‘zi ishonishi kerak. Sababi tadbirkor o‘z mahsulotiga narx qo‘yayotganda, uni boshqalarga asoslab berishi lozim. O‘z mahsuloti sifatiga ishonishi va bu haqda boshqalarga bemalol aytib, hech ikkilanmay sota bilishi kerak.
Men hozirgi kunda siyosatchilardan hech narsa kutmayman. Yordam berishsa yaxshi, lekin aksi bo‘lsa, o‘zim harakat qilganim foydaliroq. Agar tadbirkorda haqiqiy reja bo‘lsa, u o‘z salohiyati bilan xaridorlarni, investorlarni ishontira olsa, pulning o‘zi uni izlab keladi. Afsuski, ko‘pchilik biznes boshlashdan avval menga pul kerak, deydi. Biznes reja tuzish, bilim olishni birinchi darajali omil, deb hisoblamaydi.