Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga $100 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.

Mablag‘lar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini elektr tarmoqlariga integratsiya qilish va ustuvor hududlarda elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga qaratilgan dasturga yo‘naltiriladi.

Dasturni amalga oshirish uchun Hududiy elektr tarmoqlari (HET) o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha $50 mln ajratadi.

Jahon banki va Hududiy elektr tarmoqlari tomonidan birgalikda moliyalashtiriladigan yangi dastur doirasida $150 mlnni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

HET kelgusi besh yil ichida ushbu mablag‘larni muhim taqsimlash infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiya qilishi mumkin.

Dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining taqsimlash tarmoqlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashadi hamda ustuvor hududlarda, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida elektr ta’minotining ishonchli bo‘lishini ta’minlaydi.

Dastur doirasidagi asosiy chora-tadbirlarga quyidagilar kiradi:

  • 6000 km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish;
  • umumiy quvvati 250 megavolt-amper (MVA) bo‘lgan 1 200 ta taqsimlash transformatorini almashtirish va o‘rnatish;
  • HET tarmoqlarida elektr energiyasining tijorat yo‘qotishlarini kamaytirishga yordam beradigan 150 mingta “aqlli” hisoblagichlarni ulash;
  • taqsimlash tarmoqlari faoliyatini avtomatlashtirish va raqamlashtirishni ta’minlash uchun 4 000 ta ma’lumotlar konsentratorini o‘rnatish, bu ularni zamonaviy va samarali tizimga aylantiradi.

Dastur orqali 2029-yilga kelib mijozlarning HET xizmatlari sifatidan qoniqish darajasini 90%ga yetkazishga erishish kutilmoqda.

Shuningdek, kichik va o‘rta korxonalar, shuningdek, uy xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqariladigan 50 megavattgacha (MVt) energiyani qabul qilish uchun taqsimlash tarmoqlari quvvati oshiriladi.

Bundan tashqari issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga 450 ming tonna karbonat angidrid gazigacha qisqartirilib, HET’da texnik va boshqaruv lavozimlaridagi ayollar ulushini 9%dan (2025-yilda) 14%gacha oshiriladi.


Avvalroq Spot Jahon banki Xorazmda quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish uchun $3,5 mln ajratgani haqida yozgandi.

Quyosh elektr stansiyasini 2025-yil noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, yiliga 240 gigavatt-soatdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi.