Jahon banki O‘zbekiston uchun bank kafolati ko‘rinishidagi $3,5 mlnlik moliyalashtirishni ma’qulladi. Bu haqda “Spot"ga bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu kafolat “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” davlat kompaniyasining quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi quyosh elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi.
Xorazm viloyatidagi ushbu obyektni qurish va ekspluatatsiya qilish bilan Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi shug‘ullanadi.
Quyosh elektr stansiyasini 2025-yil noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. U 177 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, yiliga 240 gigavatt-soatdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi.
Uning faoliyati yiliga 230 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va 60 mingga yaqin uy xo‘jaliklarini toza energiya bilan ta’minlash imkonini berishi kutilmoqda.
Loyiha mamlakatning toza energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasidagi sa’y-harakatlariga salmoqli hissa qo‘shadi.
“Jahon banki guruhi „O‘zbekiston-2030“ strategiyasiga muvofiq O’zbekistonning energiya bo‘yicha ehtiyojlarini qondirishda va 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalarini 25 GVtga yetkazishda qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa ushbu o‘n yillikning oxiriga kelib mamlakatda iste’moldagi elektr energiyasi ulushining 40%ini tashkil etadi,” — deya ta’kidladi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.
Quyosh elektr stansiyasi loyihasi “Voltalia” sho‘ba korxonasi “Sarimay Foreign Enterprise LLC” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniya ushbu obyekt loyihasini ishlab chiqish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish uchun javob beradi.
Loyiha ishga tushirilgach, “Sarimay Foreign Enterprise LLC” stansiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasini “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” davlat kompaniyasiga sotadi.
Bu ikki tomon o‘rtasida 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan.
Jahon banki tomonidan taqdim etilgan $3,5 mlngacha bo‘lgan bank kafolati “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"ning “Sarimay Foreign Enterprise LLC” kompaniyasidan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha to‘lov majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.
Avvalroq “Spot” Jahon banki O‘zbekistonga $800 mln imtiyozli kredit ajratishi haqida yozgandi.
Mablag‘lar mamlakatda xususiy sektor, ijtimoiy himoya va iqlim o‘zgarishiga tayyorlik tizimini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.