Markaziy bank bir oyda 6 ta tijorat bankini jarimaga tortdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Aprel oyida Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda 45 ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 26 ta masala ko‘rib chiqildi.

Bular qatorida kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlar (4 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (5 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat (1 ta) hamda banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta) masalalari bor.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala — Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari ham muhokama qilindi.

O‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari natijasida qoidabuzarliklar aniqlanib, 6 ta bank, 3 ta lombard va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Ular jismoniy shaxslarga bank hisobvaraqlari ochish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha belgilangan talablarni bajarmagan.

Bundan tashqari, ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirish hamda tashkiliy-huquqiy shaklini aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirish talablarini bajarmagani uchun 1 ta to‘lov tizimi operatori va 3 ta to‘lov tashkiloti chora hamda sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

2024-yilning 1-iyulidan O‘zbekistondagi barcha to‘lov tashkilotlari va xizmatlari aksiyadorlik jamiyati shaklida faoliyat yuritishi belgilangan. To‘lov tizimi operatorlarining ustav kapitali 50 mlrd so‘m, to‘lov tashkilotlariniki esa 10 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak. Shu bilan birga, joriy yilning 1-iyulidan to‘lov tashkilotlarining ustav fondi 20 mlrd so‘m miqdorida belgilanadi.

Avvalroq Markaziy bank banklar va yirik qarz oluvchilarga nisbatan tartibga solishni kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.