Raqobat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan materiallarning qonunchilik talablariga mosligi o‘rganildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganishlar natijasida, Buxoro, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahridagi jami 4 ta — Nature Travel, Muslim Fayzi Obod, Al-Bukhayr Travel Tours hamda Naqqosh Tour turoperatorlariga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Mazkur turoperatorlar litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmasdan Umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklamalar joylashtirib, “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzgan.
Farg‘ona viloyati va Toshkent shahridagi o‘rganishlarda esa Telegramdagi 11 ta — Al Qaswa Ihlos, Umra Qumtepa, Marg‘ilon Umra ziyorati, Farg‘ona Umra 2022, Fayz Turizm, Ziyorotul_Umra, Sux_Haj Umra ziyorati, Buxoriy Tour hamda Yuksak Travel Farg‘ona Umra kanallari ma’murlariga chora ko‘rildi.
Shuningdek, Emir Voyega tomonidan berilgan reklamalarda ham yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzilishi aniqlanib, kompaniyaning mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Ushbu o‘rganish yakunlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi. Qo‘mita tomonidan reklama axborotlarini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Yana 2 ta kompaniyaga Umra ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya berildi. Natijada Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar soni 14 taga yetdi. Ularning ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi 2024-yilda hamda joriy yilning o‘tgan davrida litsenziya va ruxsatnomasiz Umra xizmatlari reklamalari uchun 27 ta turoperatorni jarimaga tortgani haqida xabar berilgandi.