Xitoyning WeRide kompaniyasi Yaqin Sharq mintaqasida birinchi bo‘lib Abu-Dabidagi umumiy foydalanishdagi yo‘llarda to‘liq haydovchisiz robot-taksilarni sinovdan o‘tkazishini e’lon qildi. Bu haqda Arabian Business nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur turdagi avtomobillar ilk bor haydovchi-instruktor ishtirokisiz to‘liq avtonom tarzda harakatlanadi.

Test sayohatlari joriy chorakda boshlanadi. Ushbu bosqichda yo‘nalishlar geografiyasi kengaytiriladi — Yas va Saadiyat orollaridagi mavjud zonalarga Al-Marya va Al-Rim orollari qo‘shiladi.

2023-yil iyul oyida WeRide BAAning haydovchisiz transportni boshqarish uchun birinchi va yagona milliy litsenziyasini oldi, bu esa unga butun mamlakat bo‘ylab sinov o‘tkazish huquqini berdi.

2024-yil dekabr oyida WeRide va Uber Abu-Dabida robotaksini buyurtma qilish bo‘yicha qo‘shma xizmatni ishga tushirdi.

Ushbu loyiha AQSh va Xitoydan tashqarida uchuvchisiz transport sohasidagi eng yirik tijorat tashabbusi bo‘ldi. Yo‘lovchilar uchun taksilarni 2025-yilning yozida ishga tushirish mumkin bo‘ladi.

O‘tagn yilning fevral oyida Dubay 2026-yilda uchar taksi xizmatini ishga tushirishi haqida e’lon qilingandi.

Birinchi bosqichda Dubayning to‘rtta joyida uchar taksilar uchun uchish va qo‘nish maydonchalari quriladi.

Qayd etilishicha, bu orqali Palm-Jumeyradan aeroportgacha bo‘lgan yo‘l vaqti 45 daqiqadan 10 daqiqagacha qisqaradi.


Avvalroq Spot Rossiyada 2027-yilga borib haydovchisiz avtomobillardan foydalanish yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, 2028-yilgacha haydovchisiz avtomobillarni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi va amaliyotga tatbiq etiladi.