Amerikaning ixcham samolyotlar ishlab chiqaruvchi “Joby Aviation” kompaniyasi Dubay yo‘llari va transport boshqarmasi bilan havo taksisini ishga tushirish bo‘yicha shartnoma tuzdi.

Yangi transport turi shaharda 2026-yilgacha ishga tushishi kerak, deya xabar bermoqda “TimeOut Dubai” nashri.

Uchar taksilar uchun uchish va qo‘nish maydonchalari — vertiportlar Britaniyaning “Skyports Infrastructure” kompaniyasi tomonidan quriladi.

Birinchi bosqichda to‘rtta vertiport ochish rejalashtirilgan: Dubay aeroportida, Palm-Jumeyrada, Dubay Marinaning nufuzli turar-joy massivida va shahar markazida.

dubay, uchar taksi

Qayd etilishicha, Dubay havo taksisini boshqaradigan birinchi shahar bo‘ladi.

“TimeOut” ta’kidlaganidek, u ochilgandan so‘ng Palm-Jumeyradan aeroportgacha bo‘lgan yo‘l vaqti 45 daqiqadan (avtomobilda) 10 daqiqagacha qisqaradi.

Uchar taksilar uchuvchi va to‘rt nafar yo‘lovchini soatiga 320 kilometrgacha tezlikda tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ishlab cbiqaruvchiga ko‘ra, uchar taksilar elektrda harakatlangani hisobiga nol karbonat angidrid chiqindilari bilan ishlaydi. Ulardan foydalanish tirbandlikni kamaytirishi mumkin.


Avvalroq “Spot” 1-apreldan Xitoyda aeromobillar savdosi boshlanishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, uchuvchisiz havo taksisining narxi 2,39 mln yuanni tashkil qiladi.