Xitoyning “EHang” kompaniyasi “EH216-S” aeromobilining narxi va sotilish sanasini e’lon qildi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, uchuvchisiz havo taksisi sotuvi 1-apreldan boshlanib, uni 2,39 mln yuanga sotib olish mumkin.

Qayd etilishicha, uchuvchisiz havo taksisi umumiy og‘irligi 240 kg gacha bo‘lgan ikkita yo‘lovchini 30 kmgacha bo‘lgan masofaga tashish imkonini beradi.

Uning maksimal tezligi soatiga 130 km bo‘lib, “EH 216-S” akkumulyatorining zaryadi o‘rtacha 20 daqiqa parvoz qilishga yetadi.

“EH 216-S” birinchi marta 2016-yilda “CES” ko‘rgazmasida namoyish etilgan.

O‘tgan yilning oktabr oyida Xitoy fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati “EHang"ga samolyotdan tijorat maqsadlarida foydalanishga ruxsat beruvchi sertifikat berdi.

Shunday qilib, kompaniya ushbu transport turidan foydalanadigan dunyodagi birinchi aviatashuvchiga aylandi.

EHang” — avtonom elektr havo transportini rivojlantiruvchi Xitoy aviakompaniyasi hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniya ishlab chiqarish liniyasi yo‘lovchilar uchun vertikal uchish va qo‘nish transport vositalari, yuk kopterlari va engil havo namoyishlari uchun dronlardan iborat.


Avvalroq “Spot” 2025-yildan Yaponiyada uchar avtomobil biznesi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.

“Japan Airlines” parvozlarni Germaniyaning 2020-yilda sarmoya kiritgan startapi bo‘lgan Volocopter samolyotida amalga oshiradi.