19-may kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida ma’lum qilindi.
Xususan, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘rgarishlar bilan yoshga doir pensiya olish huquqini beradigan yoshga to‘lgan (erkaklar 60, ayollar — 55) fuqarolarga ularning murojaatisiz proaktiv shaklda pensiya tayinlanishi belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolarning tayinlangan pensiyani rad etish huquqi saqlanib qoladi.
Fuqaroning yoshga doir pensiyaga bo‘lgan huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlarga asosan aniqlanadi. Bunda mehnat staji, ish haqi, o‘qish davri va oila a’zolari haqidagi ma’lumotlar davlat idoralari va tashkilotlar tizimlari orqali olinadi.
Shuningdek, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarning telefon raqamlariga pensiya tayinlanganligi va uning miqdori to‘g‘risida SMS-xabar yuboriladi.
Agar fuqaro uning murojaatisiz (proaktiv shaklda) tayinlangan pensiya miqdoridan norozi bo‘lsa yoki mehnat faoliyatini davom ettirish va keyinchalik yoshga doir pensiyaga chiqish istagini bildirsa, tayinlangan yoshga doir pensiyani rad etish huquqiga ega bo‘ladi.
Bunda fuqaro xabarnomani olgan kundan boshlab, 10 kun ichida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi orqali ariza bilan, davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali so‘rovnoma to‘ldirgan holda murojaat qilishi kerak. Ariza va so‘rovnoma 10 kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
Fuqaroga pensiyani proaktiv shaklda tayinlash to‘g‘risidagi masala fuqaro pensiya yoshiga to‘lgan kunning o‘zida ko‘rib chiqiladi.
Ushbu qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning fevral oyida qabul qilinib, Senat tomonidan aprel oyida ma’qullangandi.
Pensiyani avtomatik tarzda tayinlash
2023-yilning noyabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan joriy yilning 1-martidan yoshga doir pensiyalarni avtomatik tarzda tayinlanishi belgilangandi. Ushbu qonun loyihasi joriy yilning fevral oyida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Kamoliddin Hojibekov proaktiv shakl qanday bo‘lishi, ma’lumotlar qanday avtomatik tarzda olinishi hamda xorijdagi va ish stajiga ega bo‘lmaganlar nima qilishi haqida so‘zlab bergandi.
Yoshga doir pensiyalarni proaktiv shaklda tayinlashda fuqaroning oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi ketma-ket besh yil uchun ish haqining eng yuqori miqdori avtomatik ravishda aniqlanadi. YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida mehnat qilayotganlarning faoliyati ham ish stajiga qo‘shiladi. Senator Abdusaid Kuchimovning qayd etishicha, o‘zgarishlar bir yilda o‘rtacha 250 ming nafar fuqaroning mablag‘ va vaqtini tejaydi.
Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga pensiya islohotini o‘tkazish va uning konsepsiyasini tasdiqlashni tavsiya qilgani haqida xabar berilgandi.