Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasining birinchi bosqichi bo‘yicha tender yana bir oyga uzaytirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyihaning malaka takliflarini (RFQ) topshirish 21-iyungacha — dastlab belgilangan sanadan boshlab 30 kunga uzaytirildi. Tushuntirish so‘rovlarini (Clarification Requests) taqdim qilish muddati 6-iyun etib belgilandi.
Qo‘shimcha savollar bilan dxshtender@imv.uz va tar@arup.com elektron pochtalariga murojaat qilish mumkin.
Aprel oyida tanlov jarayoni 21-maygacha uzaytirilgandi. Tender Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ishtirokida tashkil etilgan. Xususiy sherikni tanlash bo‘yicha bosh maslahatchi Jahon banki ko‘magida mahalliy PwC, Buyuk Britaniyaning Arup and Partners hamda CMS Cameron konsorsiumi jalb qilingan.
Birinchi bosqich doirasida 171 km uzunlikdagi Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan yo‘l hamda Qamchiq dovonini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish belgilangan.
Loyiha konsepsiyasi hukumat tomonidan 21-yanvarda tasdiqlangan. Tanlov ikki bosqichda o‘tkazilib, dastlabki malaka so‘rovini topshirishdan o‘tgan kompaniyalar loyiha bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarni taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Tender g‘olibi bilan uzoq muddatli davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanadi. Unda ishtirok etishga yo‘l qurilishida tajribaga ega bo‘lganlar taklif etiladi.
Ushbu tenderga qisqa vaqtda 30 dan ortiq xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgan. Masalan, bular qatorida Meridiam investitsiya kompaniyasi bor.
Toshkent-Andijon pullik yo‘li
2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha $2,5 mlrdga baholangan. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev 2024-yilning iyun oyi oxirigacha bu pullik yo‘lning TIA ishlari yakunlanishini, uning qiymati $4,65 mlrdni tashkil etishini ma’lum qildi.
O‘tgan yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida, Toshkent-Andijon yo‘lini esa 2026-yilda boshlash belgilangan.
Umumiy uzunligi 314 km bo‘lgan Toshkent-Andijon yo‘lining 64%i yangidan qurilib, 36%i rekonstruksiya qilinadi. I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘ladi. 2024-yil oktabr oyida davlat rahbari har ikkala pullik avtomobil yo‘llari loyihalarini tezlashtirishni topshirib, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligini qayd etgandi.
Toshkent-Andijon pullik avtoyo‘lining foydalanishga topshirilishi qatnov vaqtini 5 soatdan 3 soatgacha qisqarishi, YIMni 2,6% ga oshirishi hamda avtohalokatlarni 40% ga kamaytirishi kutilmoqda.
Joriy yilning fevral oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov pullik yo‘llar qurilishi 2025-yilda boshlanishini ma’lum qilgandi. Prezident barcha tender jarayonlarini qoidalar asosida, ortiqcha vaqt sarfisiz olib borishni hamda qurilish ishlarini tezroq boshlashni topshirdi.