Google yangi Veo 3 sun’iy intellekt modelini taqdim etdi, u matnli so‘rov bo‘yicha nafaqat videoqator, balki ovoz ham yarata oladi.
Algoritm video va audioni avtomatik ravishda sinxronlashtiradi, shuningdek, foydalanuvchidan qo‘shimcha ma’lumotlarsiz effektlar, fonlar va hatto dialoglarni yaratadi.
Google ishlab chiquvchilarining aytishicha, Veo 3 kadrlar kontekstini tushunib, ovoz yo‘lini o‘zi tanlaydi. Foydalanuvchilar esa replikalarning ohangini, shuningdek, personajlar va atrof-muhit tavsifini belgilash imkoniyatiga ega.
Google’ning ta’kidlashicha, barcha roliklar SynthID ko‘rinmas suv belgisi bilan belgilanadi, bu esa ularni chuqur soxtalashtirishda (dipfeyklarda) ishlatilishini qiyinlashtiradi.
Veo 3 allaqachon AI Ultra tarifi obunachilari uchun Gemini ilovasida mavjud bo‘lib, uning narxi oyiga $249ni tashkil etadi.
Shuningdek, Flow — Veo 3 yordamida filmlar yaratish uchun “ijodkorlar tomonidan ijodkorlar uchun” ishlab chiqilgan vosita ham taqdim qilindi.
Foydalanuvchilar sahna yoki qahramonlar tasvirlarini import qilishlari yoki ularni matnli so‘rov orqali yaratishlari mumkin. Shundan so‘ng, aynan shu obyektlardan keyingi sahnalarda ham foydalanish imkoniyati mavjud.
Flow AQShdagi foydalanuvchilarga Google AI Pro (oyiga $19,99) va Google AI Ultra tarif rejalarida taqdim etiladi. Pro obunachilari oyiga 100 ta generatsiya imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ultra uchun esa hozircha cheklov belgilanmagan.
Avvalroq Spot Alibaba video yaratish uchun Vace modelini taqdim etdgani haqida yozgandi.
Sun’iy intellekt ba’zi qahramonlarni boshqasiga almashtiradi, uslubni o‘zgartiradi va video chegaralarini kengaytira oladi.