“Alibaba” video generatsiyasi uchun nozik sozlamalarga ega bo‘lgan “Vace” modelini taqdim etdi.

“Vace” — bu Xitoyning “Wan” video generatori yaratuvchilari tomonidan ishlab chiqilgan “barchasi birda” videolarni yaratish va tahrirlash uchun sun’iy intellekt tizimidir.

Jamoa belgilangan harakatlar asosida personajlarni jonlantirish, ajratilgan maydonlardagi obyektlarni almashtirish va bir nechta tasvirlardan yagona video hosil qilish funksiyalari qanday ishlashini namoyish etdi.

“Vace”, shuningdek, mavjud videoni kompozitsiyani saqlagan holda o‘zgartirishi mumkin. Sun’iy intellekt ba’zi qahramonlarni boshqasiga almashtiradi, video uslubini o‘zgartiradi, video chegaralarini kengaytiradi yoki nuqtali o‘zgartirishlar kiritadi — masalan, matoda yangi rasm yaratadi.

Ishlab chiquvchilar model kodi va parametrlarini “yaqin kelajakda” ochiq manbaga joylashtirishni rejalashtirmoqda.

2025-yil fevral oyida Xitoyning “Alibaba” kompaniyasi ochiq kodli video ishlab chiqaruvchi “Wan 2.1” modelini, mart oyi boshida esa rasm va video ishlab chiqaruvchi “Wan” veb-saytini ishga tushirdi.

Xizmatda kuniga 50 ta bepul kredit beriladi. Video yaratish 10 kredit, rasm chizish esa 2 kredit turadi. Bundan tashqari, foydalanuvchi o‘zi yaratgan narsalarni joylashtirib va boshqa foydalanuvchilarning ishlarini baholab, qo‘shimcha kreditlar “ishlab olishi” mumkin.


Avvalroq “Spot” “Alibaba” sun’iy intellekt modelining yangi versiyasini taqdim etgani haqida yozgandi.

“Qwen2.5-VL” nomli model matnli so‘rovlarga javob beradi, videolarni tahlil qiladi, shaxsiy kompyuterni boshqaradi va mobil ilovalarda buyruqlarni bajaradi.