Rossiya Davlat dumasi 20 may kuni mehnat migrantlari ustidan nazoratni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda Kommersant nashri xabar bermoqda.

Hujjat Moskva shahri va Moskva viloyatida yashovchi chet el fuqarolari uchun tajriba tariqasida “qo‘shimcha hisobga olish mexanizmlari"ni joriy etishni nazarda tutadi. 1-sentabrdan boshlab ular maxsus mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

Ushbu ilova yordamida rasmiylar telefon geolokatsiyasi bo‘yicha ularning joylashuvini kuzatishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, barcha migrantlar uchun barmoq izlarini majburiy yig‘ish va haqiqiy yashash joylarini hisobga olish joriy etilmoqda.

Biometrik ma’lumotlarni to‘plash, ilovani o‘rnatish va shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashga rozilik olish Saxarovo shahridagi ko‘p tarmoqli migratsiya markazida amalga oshiriladi.

Yangi tartib Rossiyaga vizasiz kiradigan barcha chet el fuqarolariga, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar va Belarus fuqarolari bundan mustasno, tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, migrantlar haqiqiy yashash joyini o‘zgartirganlari haqida uch ish kuni ichida Ichki ishlar vazirligiga xabar berishlari shart. Geolokatsiya nazoratini chetlab o‘tishga uringan taqdirda, chet ellik keyinchalik Rossiyadan chiqarib yuborish maqsadida “nazorat ostidagi shaxslar” ro‘yxatiga kiritiladi.

Tajriba to‘rt yil davom etib, 2029-yil 1-sentabrda yakunlanadi. Deputatlarning kutishicha, yangi mexanizm migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirish, xavfsizlikni oshirish va migratsiya sohasidagi qonunbuzarliklar sonini kamaytirish imkonini beradi.

Deputat, MDH ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbari Leonid Kalashnikov ham nazoratning joriy etilishi migrantlarga ro‘yxatdan o‘tishda yordam berishini ta’kidladi. [Hozir] ular kelishadi va soxta ro‘yxatdan o‘tishadi, chunki ular yashaydigan odam ularni ro‘yxatdan o‘tkazishni xohlamaydi. Oxir-oqibat esa muhojirning o‘zini jazolashadi", — dedi u.

Huquqshunoslar geolokatsiya ma’lumotlarini to‘plash to‘g‘risidagi norma konstitutsiyaviy shaxsiy hayot daxlsizligi huquqiga zid kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Advokat Anna Minushkina ma’lum qilishicha, amaldagi qonun telefonlar joylashuvini aniqlash imkoniyatini nazarda tutadi, biroq bu faqat “nazorat qilinadigan shaxslar” ro‘yxatiga kiritilgan chet elliklar uchungina amal qiladi.

Moskva O‘zbekiston Hamdo‘stligi rahbari mexanizmni “o‘ylanmagan va amalga oshirish juda murakkab” deb atadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi normalarni “amalga oshirish mexanizmi mavjud emas,” migrantlarning aksariyati esa tezda qoidabuzarlar qatoriga tushib qolishi mumkin.


Avvalroq Spot 30-iyundan xorijliklarning Rossiyaga kirishiga yangi talab joriy qilinishi haqida yozgandi.

Bunda Rossiyaga kelayotgan chet el fuqarolari tegishli ilova orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tishi va QR-kod olishi, mamlakatga kirish va u yerda bo‘lishning taxminiy muddatlarini ko‘rsatishi shart bo‘ladi.