Rossiyada 5-fevraldan boshlab migratsiya qonunchiligini buzgan chet el fuqarolari kiritiladigan nazorat ostidagi shaxslar reyestri ishga tushirildi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ma’lum qilmoqda.

Mazkur reyestr Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan 2024-yil 30-dekabrda imzolangan farmon asosida tashkil etilgan. Hujjatga ko‘ra, u 1-yanvardan faoliyat boshlashi kerak edi, ammo amalda faqat 5-fevraldan kuchga kirdi.

Ro‘yxatga kiritilgan migrantlar yo Rossiyani tark etishlari, yoki 30-aprelgacha Rossiya IIV orqali o‘z maqomlarini qonuniylashtirishi lozim.

Nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritilgan chet el fuqarolariga quyidagilar taqiqlanadi:

  • ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • nikoh tuzish;
  • yuridik tashkilot yoki firmalarni tashkil etish va yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
  • bank hisob raqamlarini ochish va bank operatsiyalarini bajarish;
  • transport vositalarini boshqarish.

Rossiya hududida noqonuniy yurgan voyaga yetmagan chet el fuqarolarni ta’lim muassasalari (maktablar va bolalar bog‘chalari) ga qabul qilish ham mumkin bo‘lmaydi.

O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarni Rossiya Ichki ishlar vazirligi veb-saytida maqomni tekshirish va oqibatlarning oldini olish uchun qonuniylashtirish choralarini ko‘rishga chaqiradi.

Migratsiya siyosatini qattiqlashtirish

Ayni paytda Rossiya ichki migratsiya siyosatini kuchaytirmoqda. Masalan, mart oyida Rossiya Mehnat vazirligi o‘z mutaxassisligidan tashqari ishlayotgan mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishni va ularni vaqtinchalik ishlash uchun maxsus hujjat olishga majburlashni taklif qilgan edi.

“Bundan tashqari, agar bunday xodim tashkiliy ishga qabul qilish ishtirokchisi bo‘lmagan boshqa korxonada ishlash istagini bildirsa, u 15 kun ichida Rossiya hududini tark etishi kerak”, deyiladi xabarda.

Aprel oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlarning yil davomida qolish muddatini 90 kungacha qisqartirishni taklif qilgan edi. Chet elliklar bo‘lish qonuniyligini elektron tasdiqlamasdan turib, ularning huquqlari cheklanishi mumkin.

Iyun oyida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 2016-yildan beri Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari soni to‘rt baravar kamayganini ta’kidlagan edi. U bir necha million o‘zbek fuqarolarining o‘z vataniga qaytishini “o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligi” bilan izohlaydi.

Iyul oyida Rossiya Davlat dumasi mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarni chiqarib yuborishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

Sentabr oyida Moskva aeroportlarida 1-oktabrdan xorijliklar uchun qo‘shimcha tekshirish joriy etilishi haqida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Domodedovo, shuningdek, Sheremetevo va Vnukovo aeroportlarida Rossiyaga kelish va jo‘nab ketishda chet elliklarni suratga va barmoq izlarini olish tartibi ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, mehnat muhojirlariga oilalarini mamlakatga olib kelishni taqiqlovchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda.

“Qarindoshlar va oilalarga kelsak, ular migrant kelgan mamlakatda kutishlari kerak”, dedi Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin. “Bu yerga hammani tashishning hojati yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.