Rossiyadagi mehnat muhojirlari o‘z sohasidan tashqari ishga joylashgani uchun deportatsiya qilinishi mumkin. Bu haqda Mehnat vazirligiga tayanib, “Izvestiya” nashri xabar berdi.

Rossiya Mehnat vazirligi mehnat muhojirlarini tashkiliy ravishda ishga olish uchun yangi shart-sharoitlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorladi.

Taklif ish beruvchilarning tashkiliy ishga qabul qilishda ishtirok etishdan manfaatdorligini oshirish va bunday mexanizmni ustuvor yo‘nalish sifatida ta’minlashga qaratilgan.

Qonun loyihasida chet el fuqarosining Rossiyada vaqtinchalik mehnat qilish huquqini tasdiqlovchi maxsus hujjat yaratish nazarda tutilgan.

Amalda, bu tashkiliy ishga qabul qilishning bir qismi sifatida mehnat migranti ruxsatnomalarga muvofiq ma’lum bir ish beruvchida ishlashini anglatadi.

Shu bilan birga, ular uchun avans to‘lovlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijlik mutaxassisni yollagan kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.

Tashabbuschilarning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilayotgan qonun loyihasi xorijliklarning boshqa ish joyiga ko‘chib o‘tishi, ular bilan bog‘liq ishga yollash xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan holda, tashkiliy ishga qabul qilish doirasida o‘z ish faoliyatini tashkil etgan korxonada ishlashdan bosh tortishi mumkin bo‘lgan holatlarni bartaraf etadi.

“Bundan tashqari, agar bunday xodim tashkiliy ishga qabul qilish ishtirokchisi bo‘lmagan boshqa korxonada ishlash istagini bildirsa, u 15 kun ichida Rossiya hududini tark etishi kerak”, deyiladi xabarda.


Avvalroq “Spot” Rossiyada markaziy osiyolik mehnat muhojirlari soni kamayyotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, o‘zbekistonliklar Yevropada, tojikistonlik migrantlar esa Xitoyda ishlashni ma’qul ko‘rmoqda.