Xorazm viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun narxlar oshiriladi. Bu haqda O‘zsuvta'minot matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha 20-may kuni qabul qilingan xalq deputatlari viloyat kengashining tegishli qarori bilan yangi tariflar tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 5-iyunidan boshlab Xorazmda ichimlik suvi ta’minoti hamda oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflar quyidagicha belgilanadi:

Bir metr kub ichimlik suvi narxi quyidagicha (QQSsiz):

  • aholi uchun — 4500 so‘m (amalda — 3500 so‘m);
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 10 400 so‘m (8000 so‘m).

Oqova suvi narxi (QQSsiz):

  • aholi uchun — 1850 so‘m (1700 so‘m);
  • budjet tashkilotlari hamda ulgurji iste’molchilar uchun — 3800 so‘m (2800 so‘m).

Kompaniya narxlar oshirilishi sabablarini viloyatda suv ta’minoti bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, elektr energiyasi narxlarining oshirilishi, xarajatlar hamda yoqilg‘i-moylash materiallari xaridi uchun mablag‘ yetishmasligi bilan izohladi.

“Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ichimlik va oqova suv tariflarining o‘zgarmasdan qolishi juda ko‘p muammolarga sabab bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Xorazm viloyatida ichimlik suvi uchun narxlar oxirgi marotaba o‘tgan yilning iyun oyida oshirilgandi.

Avvalroq O‘zsuvta'minot ichimlik suvi narxlari oshishi sabablarini tushuntirgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya ichimlik va oqova suv ta’minotida tariflar islohoti bo‘yicha ssenariylar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.