Joriiy yilning 16-iyunidan Xorazm viloyatida ichimlik va oqova suv narxlari oshiriladi. Bu haqda “O‘zsuvta'minot” matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining 30-mayda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, bir metr kub ichimlik suvi uchun quyidagi belgilangan tariflar amal qiladi:

  • aholi uchun — 3 500 so‘m (amalda — 2800 so‘m);
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 8 ming so‘m (5700 so‘m).

Oqova suv xizmati:

  • aholi uchun — 1 700 so‘m (1550 so‘m);
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 2 800 so‘m (2400 so‘m).

O‘tgan besh yilda Xorazmda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 52,1%dan 90,4%ga yetkazildi. Joriy yil yakunigacha ko‘rsatkich 91,2%ga yetkazilishi kutilmoqda.

Viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi Pitnak ichimlik suvi tozalash inshootini rekonstruksiya qilish va quvvatini 400 ming metr kubga yetkazish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati — $30 mln.

Ichimlik suvidan uzoq masofada bo‘lgan Gurlan, Yangibozor, Shovot tumanlarini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun Gurlan tumanida quvvati 50 ming metr kublik yangi ichimlik suvini tozalash inshooti quriladi. Urganch, Xiva, Pitnak va Gurlanda kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish rejalashtirilgan.

2023-yilning 1-avgustidan Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun yangi tarif joriy etildi. Undan keyin, boshqa viloyatlarda ham, jumladan, Toshkent shahrida, Xorazm, Samarqand, Farg‘ona, Sirdaryo, Buxoroda va Toshkent viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘istonda yangi tariflar belgilandi.

Joriy yilda esa Navoiy, Jizzax, Namangan hamda Surxondaryo vilioyatlarida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshirildi.

2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantirilishi belgilangan.