20-fevraldan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha narxlar oshiriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, bir metr kub ichimlik suvi narxi quyidagicha belgilanmoqda:

  • aholi uchun — 2 ming so‘m (amaldagi narxi — 1700 so‘m);
  • budjet tashkilotlari uchun — 9 ming so‘m (7 ming so‘m);
  • boshqa tashkilotlar uchun — 9 ming so‘m (7 ming so‘m).

Oqova suvi xizmatiga:

  • aholi uchun — 1 ming so‘m (amaldagi narx — 850 so‘m);
  • budjet tashkilotlari uchun — 2 ming so‘m (1 850 so‘m);
  • boshqa tashkilotlar uchun — 2 ming so‘m (1 850 so‘m).

Shuningdek, hisoblash uskunalari bo‘lmagan holatlarda sovuq suv xizmati bo‘yicha to‘lovlar belgilangan tariflarga oshib boruvchi 1,5 koeffitsienti bilan hisoblanadi.

O‘tgan yilning 20-avgustidan viloyatda ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha yangi narxlar joriy qilingandi.

2023-yilning 1-avgustidan Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida narxlarning yangi tarifi joriy etildi. Shuningdek, Xorazm, Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida ham ichimlik va oqova suv xizmatlari narxiga yangi tariflar belgilandi.

9-dekabrdan Toshkent shahrida, 15-dekabrdan esa Sirdaryo viloyatida ichimlik va oqova suv narxining yangi tariflari joriy qilindi.

Shuningdek, Qashqadaryoda ikkinchi marotaba tariflarga o‘zgartirishlar kiritildi. 15-yanvardan Qoraqalpog‘iston hamda Buxoroda ham ichimlik va oqova suv narxlari oshirildi.

2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantirilishi belgilangan.