Farg‘ona viloyatida ichimlik hamda oqova suv xizmatlari narxi oshadi, deya xabar berdi “UzA” nashri.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflarni belgilash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, ichimlik suvi uchun yangi tariflar quyidagicha:

  • aholi uchun bir metr kub ichimlik suvi narxi — 1900 so‘m,
  • yuridik tashkilotlar uchun — 2991 so‘m.

Kanalizatsiya suviga belgilangan yangi tariflar:

  • aholi uchun bir metr kub oqova suv narxi — 450 so‘m;
  • yuridik tashkilotlar uchun oqava suv narxi — 777 so‘m.

Qayd etilishcha, bu suv ta’minoti tizimidagi sarf-xarajatlarning keskin ortgani bilan izohlanadi.

“Farg‘onasuvta'minot” ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda elektr-energiya xarajatlari 43 mlrd so‘mni tashkil etgan. Joriy yilning 1-oktabridan energiya tarifining oshishi natijasida 87,3 mlrd so‘m xarajat qo‘shimcha qo‘shilishi kutilmoqda.

Joriy yilning 3-noyabridan Xorazmda ham ichimlik va oqova suv narxlari oshiriladi. Aholi uchun ichimlik suvi narxi 2800 so‘mni, budjet tashkilotlari hamda ulgurji iste’molchilar uchun 5700 so‘mni tashkil etadi.

Toshkentda ichimlik va oqova suv narxi oshirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Aholi uchun 1 metr kub suv narxi 1400 so‘m, oqova suv narxi esa 1000 so‘m, yuridik tashkilotlar uchun ichimlik suvi narxi 3000 so‘m, oqava suv narxi esa 2200 so‘m etib belgilanishi mumkin.

Joriy yilning 20-avgustidan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun narxlar oshirilgandi.