Suv ta’minoti tizimidagi sarf-xarajatlarning keskin ortganligi munosabati bilan Toshkent shahrida ichimlik hamda oqova (kanalizatsiya) suv xizmatlari narxi oshishi kutilmoqda, deya xabar berdi “Toshkent shahar suv ta’minoti”.

Xususan, aholi uchun bir metr kub suv narxi 1400 so‘m, oqova suv narxi esa 1000 so‘m, yuridik tashkilotlar uchun ichimlik suvi narxi 3000 so‘m, oqava suv narxini esa 2200 so‘m etib belgilash bo‘yicha takliflar Toshkent shahar deputatlar kengashiga taqdim etildi.

Toshkent shahridagi oshishi kutilayotgan suv va kanalizatsiya narxlari Toshkent viloyati hamda respublikaning boshqa hududlaridagi ayni kundagi narxlardan pastligicha qolmoqda.

Deputatlar kengashi muhokamasi yakunlaridan kelib chiqib suv va kanalizatsiya narxlari oshish sanasi haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etib boriladi.

Joriy yil iyul oyida Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun narxlar oshirilgandi.

Unga ko‘ra aholi uchun ichimlik suvi narxi 950 so‘mdan 1700 so‘mga, budjet tashkilotlari hamda ulgurji iste’molchilar uchun 4 ming so‘mdan 7 ming so‘mga oshirilmoqda.