Oktabr oyi boshida Toshkentda ichimlik va oqova suv narxi oshishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.

Toshkent shahar xalq deputatlari kengashining 24-noyabrdagi qarori bilan sovuq suv va oqova suv narxlarining yangilangan tariflari tasdiqlandi.

Xususan, aholi uchun bir metr kub suv narxi 400 so‘mdan 1400 so‘mga, oqova suv narxi esa 350 so‘mdan 1000 so‘mga oshirilmoqda. Budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun ham mazkur narxlar amal qiladi.

Yuridik tashkilotlar uchun ichimlik suvi narxi 3000 so‘m (amaldagi narxi — 1000 so‘m), oqava suv narxi esa 2200 so‘m (820 so‘m) etib belgilandi.

Xizmat turi
Ichimlik suvi (1m3)
Oqova suv (1m3)
Amaldagi tarif
Yangi tarif
Amaldagi tarif
Yangi tarif
Aholi uchun
400 so‘m
1400 so‘m
350 so‘m
1000 so‘m
Budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun
400 so‘m
1400 so‘m
350 so‘m
1000 so‘m
Yuridik tashkilotlar uchun
1000 so‘m
3000 so‘m
820 so‘m
2200 so‘m

Bunda budjet va yuridik tashkilotlar hamda ulgurji iste’molchilar uchun ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha tariflar QQSsiz hisoblangan.

Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 15 kundan keyin, ya’ni 9-dekabrdan kuchga kiradi.

Joriy yilning 20-avgustidan Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun narxlar oshirildi. Shuningdek, Xorazm, Samarqand hamda Farg‘ona viloyatlarida ham ichimlik hamda oqova suv xizmatlari narxiga yangi tariflar belgilangan.

Shuningdek, 1-dekabrdan Toshkentda issiq suv ta’minoti va issiqlik energiyasi uchun narxlar oshirilishi xabar berilgandi.