16-noyabridan Samarqand viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha yangi tariflar joriy etiladi. Bu haqda “O‘zsuvta'minot” matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan 1-noyabrda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi narxlar tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, bir metr kub ichimlik suvi narxi quyidagicha belgilanmoqda:

  • aholi uchun — 2 500 so‘m;
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 5 700 so‘m.

Oqova suvi xizmati uchun:

  • aholi uchun — 1600 so‘m;
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 4300 so‘m.

Bunda, budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun ichimlik va oqova suv narxlari QQSsiz hisoblangan.

Qayd etilishicha, yangi narxlar ish haqi, elektr-energiyasi, soliq to‘lovlari, xorijiy kreditlar to‘lovi amalga oshirilgani, joriy va kapital ta’mirlash, tizimni modernizatsiya qilish ishlaridagi xarajatlardan kelib chiqib belgilangan.

O‘tgan besh yilda Samarqand viloyatida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 54,6%dan 73,1%ga, oqova suv qamrovi 9,8%dan 18,7%ga yetkazildi.

Kelasi besh yilda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini 92,5%ga, kanalizatsiya xizmati qamrovini esa 45,1%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Buning uchun 4361,20 ming kilometr ichimlik suvi va 472,9 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i hamda 432ta suv va 45ta kanalizatsiya inshootlarini barpo etishga 2,35 trln so‘m y‘naltirilishi belgilangan.

Avvalroq Toshkent shahri hamda Toshkent, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida ham ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun narxlar oshirilishi ma’lum bo‘lgandi.

Prezident sohani takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv ta’minoti bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi.