Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni rasmiy tashrif bilan Budapeshtga yetib borgani haqida xabar berilgandi. Vengriyaning MVM EGI kompaniyasi O‘zbekistondagi kichik atom elektr stansiyasi uchun sovutish tizimlarini yetkazib beradi.
Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident Jizzax viloyatida kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasiga “eng ilg‘or va energiya tejamkor texnologiyalar"ni jalb qilish bo‘yicha topshiriq berilganini qayd etib, topshiriq asosida Vengriya kompaniyalari bilan “o‘ta muhim shartnomalar” imzolanganini qayd etdi.
“Biz O‘zbekistonda amalga oshiriladigan AES loyihasida quruq gradirnyalar qurishga kelishib oldik. Ushbu texnologiya reaktorni sovutish uchun mamlakat suv resurslaridan foydalanishni imkon qadar kamaytirish imkonini beradi”, — dedi Azim Axmedxo‘jayev.
O‘zatom rahbari Vengriya tomonining quruq gradirnyalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklifi haqida ma’lum qildi. Kelgusi oyda mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganish uchun Vengriya delegatsiyasi mamlakatga kelishi kutilmoqda. Tomonlar 2026-yildan boshlab sovutish qurilmalarini ishlab chiqarishni tashkil etishga o‘tadilar.
Shuningdek, Axmedxo‘jayev vengriyalik biznes vakillari davlat rahbaridan aniq “messej"larni kutishganini qayd etib, ular o‘z takliflarini taqdim etishganini hamda mavjud imkoniyatlar asosida bir nechta shartnomalar imzolaganini ta’kidladi.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.
Joriy yilning aprel oyida Jizzaxda kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.
May oyida kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi. Bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va energiya ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini yaratadi.
Avvalroq Rosatom O‘zbekistondagi kichik AES uchun uskunalar ishlab chiqarishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Davlat korporatsiyasining Sankt-Peterburgdagi zavodida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan.