Telegram 2024-yilni $540 mln foyda bilan yakunlab, moliyaviy ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshiladi.
Daromad to‘rt baravarga oshib, $1,4 mlrdni tashkil etdi, deb yozadi Financial Times investorlar uchun taqdimotga tayanib.
Fransiyada Telegram asoschisi Pavel Durovga qarshi jinoiy ish ochilganiga qaramay daromad kamaymagan. U platformada noqonuniy kontent, jumladan, zo‘ravonlik sahnalari va bolalar ishtirokidagi materiallar tarqalishining oldini ololmaganlikda ayblanmoqda.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya $1,5 mlrdlik obligatsiyalarni joylashtirishga tayyorlanmoqda. Bu mablag‘ eski qarzni to‘lash uchun sarflanadi.
Investorlarga IPO ehtimoli bo‘lganda aksiyalarni 20% chegirma bilan sotib olish imkoniyati va’da qilinmoqda.
Telegramning daromadlarining yarmi “ekotizim va hamkorliklar” yo‘nalishiga to‘g‘ri keldi — bu messenjer ichida ishlab chiquvchilar tomonidan yaratilgan mini-ilovalar va ular bilan bog‘liq Toncoin kriptovalyutasidagi operatsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Telegram reklamadan $250 mln daromad olgan bo‘lsa, Premium obunalaridan esa $292 mln tushum bo‘ldi.
Avvalroq Spot Telegram kontent ijodkorlari uchun mukofot jamg‘armasi $50 minglik tanlov e’lon qilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, ulardan Telegramning WhatsAppdan innovatsion ustunligini ko‘rsatuvchi video yaratishlari talab etiladi.