Apple aqlli ko‘zoynaklar ustidagi ishlashni tezlashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Kompaniya Meta’ning Ray-Ban ko‘zoynagiga raqobatchi bo‘lishni va yuqori sifatli mahsulot taklif qilishni maqsad qilgan.

Apple 2026-yil oxirigacha aqlli ko‘zoynaklar ishlab chiqarishga ulgurmoqchi ekanini Bloomberg muxbiri Mark Gurman ma’lum qildi. Ilgari u bunday qurilmalar 2027-yildan oldin paydo bo‘lmasligini taxmin qilgan edi.

Qurilma haqida ko‘p narsa ma’lum emas: ko‘zoynaklar video yozib olish, sun’iy intellekt yordamchisi uchun qo‘ng‘iroqlar va ovozli buyruqlarni qabul qilish, shuningdek, musiqa ijro etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qayd etilishicha, kompaniya Visual Intelligence texnologiyasiga katta e’tibor qaratmoqda va qurilmaning ishlashi uchun iPhone’ga ulanish talab etiladi.

Biroq, Visual Intelligence bilan ishlash uchun kamerali g‘alati Apple Watch soatlarini yaqin kelajakda kutish befoyda — kompaniya bu loyihani uzoq muddatga qoldirib qo‘ygan.

2024-yil noyabrida Apple aqlli ko‘zoynak ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi.

Buning uchun kompaniya allaqachon bozorda taqdim etilgan mahsulotlarni ichki tadqiq qilmoqda va Atlas nomi ostidagi tashabbusni ishga tushirgan.

Agentlik manbalarining ma’lum qilishicha, bu tashabbus Apple xodimlaridan boshqa brendlarning aqlli ko‘zoynaklari haqidagi fikrlarni to‘plashni nazarda tutadi.


Avvalroq Spot Apple miya impulslari yordamida qurilmalarni boshqarish tizimini yaratishi haqida yozgandi.

Kompaniya maxsus mikroimplantlar tomonidan o‘qiladigan miya impulslari yordamida mobil qurilmalarni boshqarish tizimini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.