Apple maxsus mikroimplantlar tomonidan o‘qiladigan miya impulslari yordamida mobil qurilmalarni boshqarish tizimini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Shunday qilib, Apple falaj odamlarga implantatsiya qilinadigan miya implantlarini ishlab chiqishda ancha ilgarilab ketgan Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi bilan raqobatlashishi mumkin.
Apple bosh miyaning motor qobig‘idagi qon tomiriga joylashtiriluvchi mikroimplantni ishlab chiqqan Synchron startapi bilan hamkorlik qilmoqda. Bu qurilma stentga o‘xshash bo‘lib, Stentrode deb nomlanadi.
U elektrodlar bilan jihozlangan bo‘lib, miya impulslarini o‘qiydi va ularni maxsus kompyuter interfeysidagi ma’lum belgilarni tanlash uchun signallarga aylantirib uzatadi.
Hozirda yon amiotrofik skleroz kasalligiga chalingan sinovchilardan biri hozirda Synchron kompaniyasining stenti va Apple dasturiy ta’minoti yordamida iPhone hamda iPad qurilmalarini boshqarishni o‘rganmoqda.
Avvalroq Amerikaning Precision Neuroscience startapi miya signallarini o‘qiydigan va falaj bo‘lgan odamlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan neyroimplantni uzoq muddatli klinik sinovlardan o‘tkazish uchun ruxsat olganini e’lon qilgandi.
CNBC nashri xabar qilishicha, ilgari jamoa qurilmani faqat qisqa vaqt davomida — bir necha daqiqadan ikki soatgacha va faqatgina miya operatsiyalari paytida sinab ko‘rishi mumkin edi.
Bu cheklov uzoqroq muddatli tajribalarga rasmiy ruxsatnoma yo‘qligi bilan bog‘liq edi. Endi esa kompaniya FDA tomonidan 30 kungacha cho‘zilishi mumkin bo‘lgan sinovlarni o‘tkazish uchun ruxsat oldi.