Donald Tramp ma’muriyati Harvard universitetiga xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilishni taqiqladi, deya xabar berdi The New York Times gazetasi.

AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Garvard universitetini “zo‘ravonlik va antisemitizmni rag‘batlantirish”, shuningdek, Xitoy Kommunistik partiyasi bilan hamkorlik qilishda ayblagan holda, universitetga bu faoliyatni amalga oshirishga ruxsat beruvchi sertifikatni darhol bekor qilish to‘g‘risida farmoyish berdi.

Endi Amerikaning nufuzli “Pechak ligasi"ga kiruvchi universitet chet ellik talabalarga AQShda o‘qish uchun zarur bo‘lgan viza hujjatlarini bera olmaydi.

Euronews nashrining yozishicha, hozirda Harvardda tahsil olayotgan xorijiy talabalar boshqa universitetga o‘tishlari shart, aks holda ular mamlakatda qolish huquqidan mahrum bo‘ladilar.

Harvard universiteti ma’muriyati Tramp ma’muriyatining harakatlarini noqonuniy va qasos olishga o‘xshash, deb baholadi. Shuningdek, bu harakatlar universitetning ilmiy va tadqiqot faoliyatiga putur yetkazishi ta’kidlandi.

“Universitetlar uchun chet ellik talabalarni qabul qilish imkoniyati — bu huquq emas, balki imtiyozdir. Universitetlar amerikaliklarga qaraganda ko‘proq to‘lov qiladigan xorijiy talabalardan foydalanib, o‘zlarining ko‘p milliardli maqsadli jamg‘armalarini to‘ldirib bormoqda,” — deya ta’kidladi ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem.

Ayni paytda Harvardda 140 mamlakatdan kelgan 7 mingga yaqin chet ellik talaba ta’lim olmoqda. Bu universitet talabalarining to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Harvard va AQSh hukumati

Harvard universiteti uchun $2,2 mlrdlik federal grantlar aprel oyi o‘rtalarida muzlatib qo‘yilgan edi. Ularni blokdan yechish uchun universitetdan “Amerika qadriyatlari va institutlariga dushmanlik kayfiyatidagi” chet ellik talabalarni o‘qishga qabul qilmaslik tizimini ishlab chiqish, shuningdek, tashqi ekspertlarni jalb etgan holda mavjud dasturlarni antisemitizm va boshqa turdagi nafrat qo‘zg‘atish holatlari bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazish talab qilindi. Universitet rahbariyati bu talablarni bajarishni rad etdi va moliyalashtirishni tiklash talabi bilan AQSH ma’muriyatiga qarshi sudga murojaat qildi.

Aprel oyining oxirida Garvard universiteti ikkita hisobot chiqardi: biri kampusdagi antisemitizm va Isroilga qarshi kayfiyatlar haqida, boshqasi esa islomofobiya to‘g‘risida. Har ikkala hisobot mualliflari kampusdagi madaniyat va universitetning vaziyatga munosabati haqida tanqidiy fikr bildirdilar.

Shu bilan birga, ular oliy o‘quv yurtidagi zarur islohotlar “tashqi kuchlar"ning bosimi ostida emas, balki “ichki jarayonlarga tayanib va Harvard jamoasining keng qo‘llab-quvvatlashi bilan” amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng, Harvard prezidenti Alan Garber universitet talabalar va xodimlarning umidlarini oqlamagani uchun uzr so‘radi. Shuningdek, u antisemitizm va Isroilga nisbatan noxolis munosabatga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tashabbuslarni e’lon qildi.